Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Mart/2021   Madaniyat

Ali Hamroyev: O‘zbekistonda kinematografiyani rivojlantirish uchun «tanish bilishchilik», “qarindoshlik” va boshqa odatlardan voz kechish kerak


TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun Italiyada istiqomat qilayotgan taniqli o‘zbek kinorejissyori Ali Hamroyev “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston kinematografiyasining rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi, qator savollarga javob berdi.

- So‘nggi yillarda o‘zbek kinematografiyasi murakkab davrni boshdan kechirmoqda, - dedi taniqli kino ustasi. - Aytishim kerakki, ushbu baho nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq sovet davlatlari va, hatto, jahon kinematografiyasi uchun ham tegishli.

Avlodlar o‘zgarmoqda, o‘z ishining ustalari, durdona filmlar yaratgan ustoz sanʼatkorlar oramizda yo‘q. Tabiiyki, ularning o‘rnini yangi mutaxassislar, yangi shaxslar to‘ldirmoqda. Yangi avlod vakillari professional mahoratini namoyish etishga urinmoqda. Biroq ularning ayrimlarigina Osiyo, Afrika, Amerika, Avstraliya yoki Yevropada yashaydigan turli millat, turli eʼtiqod, turli dunyoqarashga ega insonlar birday qiziqish bilan tomosha qiladigan filmlar yaratishga erishmoqda. Barmoq bilan sanarli kinorejissyorlar ana shunday umrboqiy kinoasarlar suratga olayapti xolos. Ammo bu ham tabiiy holat. Hozir dunyoda «yuqori sifatli kino uchun kuchlarni to‘plash jarayoni» bormoqda, menimcha.

Afsuski, so‘nggi yillarda o‘zbek kinosi dunyo haqiqatlaridan ajralib qoldi. Qog‘ozda hamma narsa yaxshidek tuyuladi, biroq mamlakatimizda yillar davomida deyarli biron marta yirik xalqaro kinoforum o‘tkazilmadi. Bunday anjumanlar o‘tkazilganda, odatda, dunyoning turli hududlaridan kinochilar, kino ixlosmandlari kelgan bo‘lar edi. Yevropa,  Osiyo qitʼalari rejissyorlari, tanqidchilari ishtirokidagi kinofestivallarda o‘zbekistonlik tomoshabin uchun yangi filmlar namoyishi o‘tkazilishi, keyin esa samimiy davrada o‘z taassurotlari bilan bo‘lishish mumkin edi-ku. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Biz o‘z qobig‘imizga o‘ralashib yuraverdik. Agar kino sanoatida kinematograflar faqat tor doirada bir-biri bilan muloqot qilsa, bir-birini maqtash bilan ovora bo‘lsa dunyodagi jarayonlardan chetda qolib ketadi.

Maʼlumki, agar iqtisodiyot rivojlanmasa va bir joyda depsinib qolsa, jamiyatda kambag‘allar soni ortadi. Natijada hayot qiyinlashadi. Kino sanʼatida ham xuddi shunday. Kino sanoati rivojlanmas ekan, odamlar maʼnaviy jihatdan qashshoqlashadi.

Bugungi kunda ko‘plab yoshlar xorijiy seriallarni tomosha qilmoqda.  Aksariyat rejissyorlarimiz ham mazmun va mohiyat jihatdan ushbu seriallarga o‘xshash o‘zbek filmlarini suratga olmoqda. Men ularga boshqa chet eldagilarga o‘xshamaydigan, o‘zbek qadriyatlari va madaniyatiga asoslangan ijodiy loyihalar yaratishni maslahat bergan bo‘lardim.

Hozir o‘zbek kinematografiyasi o‘zgarishlar jarayonida bo‘lib turibdi. Bu bosqichdan ham o‘tib olish kerak. Mamlakatimizda samarali faoliyat yuritayotgan katta avlod vakillari va iqtidorli yoshlar ham bor. O‘zbekiston rahbariyati o‘zbek kinematografiyasini modernizatsiyalash bo‘yicha oqilona vazifa qo‘ydi, deb hisoblayman. Davlat rahbari muntazam tarzda bunga chaqirmoqda va mazkur saʼy-harakatlar kinematografiya taraqqiyotiga ijobiy  taʼsir ko‘rsatmoqda. Shu sababli sohada yaqin bir necha yil davomida ijodiy o‘sish  kuzatilishiga ishonaman.

Agar bugun yoqqan kinoloyihalar haqida gapiradigan bo‘lsam, rejissyor Yolqin To‘ychiyev suratga olgan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmini atagan bo‘lardim. Bugun Rossiyada yashab, ijod qilayotgan Yusup Roziqov yaxshi filmlar yaratayotganini taʼkidlashni istardim. Ayub Shahobiddinov haqida ham shunday deyishim mumkin. Shuningdek, 25 yoshli ijodkorlar tomonidan suratga olingan qator filmlarni ham tomosha qildim. Xususan, qiziqarli qisqa metrajli filmlar suratga olayotgan va eʼtiborga molik spektakllar sahnalashtirayotgan Umid Zokirov ishlari ham menga yoqdi. Men yoshlar professional darajada o‘sib borayotganiga ishonaman, ularni qo‘llab-quvvatlash kerak.

O‘zbekistonda kinematografiyani rivojlantirish uchun «tanish bilishchilik», “qarindoshchilik” va boshqa odatlardan voz kechish zarur. Men “O‘zbekkino” rahbariyati to‘g‘ri yo‘l tanlaganiga ishonaman. Bugun kino to‘g‘risida qonun qabul qilish bo‘yicha harakat qilinmoqda. «Yo‘l xaritasi» tuzildi, kinoindustriyani rivojlantirishning yangi konsepsiyasi taklif qilindi.

Bugun xalqaro talablarga javob beradigan yaxshi filmlar yaratish vaqti keldi. Faqat ana shunday yo‘l bilan biz nufuzli kino festivallarida g‘olib bo‘lishimiz mumkin. Baʼzan kichik-kichik festivallardagi yutuqlarimiz  bilan  faxrlanib yuramiz. Ammo kino sanʼatini shunday rivojlantirishimiz kerakki, yetakchi forumlarda o‘zbek kinosi namunalari tan olinsin!

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro kinofestivali tiklash to‘g‘risidagi qarorini maʼlum qildi. Agar ushbu festival sentyabr oyida o‘tkazilsa, bilingki, bu oldinga tashlangan katta qadam bo‘ladi. Biz yana kinematografiyaning global jarayoniga qo‘shilamiz. Bu esa o‘zining samarali natijalarini namoyon eta boshlaydi.

Mavzuga oid

Mir Alisher Navoiyning 580 yilligi Nyu-Y...

Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonning Nyu-York sha...

Tokioda yaponiyalik fotosuratchining O‘z...

Tokioning Suginami tumanidagi ommaviy sport majmuasida yaponiyalik professional fotosuratc...

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot mark...

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyuk allomalarimiz merosini o‘rgani...

So`nggi yangiliklar