Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Yanvar/2021   Madaniyat

Alisher Navoiy – o‘zbek adabiy tilini mumtozlik darajasiga ko‘targan siymo


TOSHKENT,  27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining  «Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori doirasida qator tadbirlar rejalashtirilgan.

Xususan, Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasidagi loyihalar ishlar amalga oshirilmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universiteti professori, filologiya fanlari doktori Baxtiyor Abdushukurov “Dunyo” AA muxbiriga buyuk mutafakkirning o‘zbek tilini ravnaq toptirishdagi o‘rni va  Navoiy  asarlarida o‘zbek tiliga oid qarashlar tarixi haqida so‘zlab berdi.

— XI asrda o‘zbek tilida original va tarjima asarlari yaratgan o‘tmishdoshlarining tajribasini davom ettirgan Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Amiriy, Gadoiy va Yaqiniy kabi isteʼdodli shoirlar o‘zbek adabiyotini ravnaq toptirish bilan birga, o‘zbek adabiy tili taraqqiyotiga ham katta hissa qo‘shdi. Ammo Navoiy «Majolisun nafois»ning ikkinchi bobida ko‘rsatganidek, turkiy tilda ijod qiluvchi shoirlar son jihatidan nihoyatda oz edi: 90 shoirdan 16 tasi turkiygo‘y ekan. Bundan tashqari, ko‘pgina o‘zbek shoirlari, Navoiyning taʼkidlashicha, o‘zbek tilining boyligi va keng imkoniyatlaridan foydalanishga kam eʼtibor berardi.

Qolaversa, shoir “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida o‘zi to‘g‘risida gapirib, sheʼr yozishni fors tilida boshlaganini aytadi. Lekin tushunish yoshiga yetib, turkiy til haqida fikr yuritish ehtiyoji tug‘ilgach, uning ko‘z o‘ngida zebu ziynatlari son-sanoqsiz o‘n sakkiz ming olamdan ortiq olam namoyon bo‘lgani, fazilat va yetuklikda chek-chagarasi bo‘lmagan to‘qqiz falakdan ortiq falak ko‘rgani, dur va gullari yulduzlardan ravshanroq xazina va gulshan uchratgani, ammo bu olamga hech kimning qadami yetmagani va qo‘li tegmagani haqida yozadi: “Chun mazkur bo‘lg‘on qoida bilakim, ado topti – mayl forsiy sari bo‘ldi. ... o‘n sakkiz ming olamdin ortuq, anda zebu ziynat; va sipehre tabʼga maʼlum bo‘ldi, to‘qquz falakdin ortuq, anda fazlu rifʼat; va maxzane uchradi, durlari kavokib gavharlaridin raxshandaroq; va gulshane yo‘luqti, gullari sipehr axtaridin duraxshan- daroq; harimi atrofi el ayog‘i yetmakdin masun va ajnosi g‘aroyibi g‘ayr ilgi tegmakdin maʼmun. Ammo maxzanining yiloni xunxor va gulshanining tikani behaddu shumor. Xaylga keldikim, hamonoki, bu yilonlar neshi nashtaridin tabʼ ahli xiradmandlari bu maxzandin bahra topmay o‘tupturlar va ko‘ngulga andoq evruldikim, go‘yo bu tikanlar sarzanishi zararidin nazm xayli guldastabandlari bu gulshandin bazm tuzgucha gul iliklay olmay yo‘l tutubdurlar”.

Shu tariqa, «Bu til dag‘al, unda yuksak sanʼat asarlari yaratib bo‘lmay- di», degan fikriga zarba berish, o‘zbek tilining yashirinib qolg‘an xazinalarini ochish va uni ilm ahliga, sheʼr muxlislariga tushuntirish kabi muhim vazifani Alisher Navoiy ko‘tarib chiqdi.

Bobur aytmoqchi, “Alisherbek naziri yoq kishi erdi. Turkiy til bila to sheʼr aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”.

Binobarin, Yassaviy, Rabg‘uziy, Lutfiy, Sakkokiy, Atoiy, Gadoiy singari adiblar adabiy tilning boshlovchilari sanalsa, hazrat Navoiy bu tilni kamolotga yetkazdi, yuksak cho‘qqiga olib chiqdi. Arab tili ilmiy til, fors-tojik tili badiiy adabiyot tili sifatida shuhrat topgan bir paytda 30 tan ortiq asarini o‘zbek tilida yozib, o‘zbek mumtoz adabiy tilini har tamonlama asoslab berdi.

Ikkinchidan, Navoiygacha bo‘lgan adabiy til tarqoq holda edi, o‘g‘uz, qipchoq, o‘g‘uz-qipchoq, qarluq kabi. Navoiy katta hududdagi lahjalarni birlashtirib, yagona adabiy til holiga keltirdi, uning tepasida o‘zi turdi. Mazkur til uzoq yillar davomida o‘zbeklar va atrofdagi boshqa turkiy tillar uchun adabiy til sifatida xizmat qildi. Ayni paytda, mutafakkir “Farhod va Shirin” dostonida ushbu til Xitoydan Xurosongacha, jumladan, Sheroz va Tabrizgacha tarqalgani haqida maʼlumot berib o‘tadi.

 Uchinchidan, so‘z mulkining sohibqironiga qadar biror ijodkor til nazariyasi bilan shug‘ullangan emas. Shoir umrining oxirgi paytlarida juda katta hayotiy va ijodiy tajribasini sarhisob qilayotgan davrida, yaʼni 1499 yilda yozilgan «Muhokamatul – lug‘atayn» risolasida mutafakkir oltoy tillari oilasiga kiruvchi turkiy, yaʼni o‘zbek tili bilan hind-yevropa tillariga mansub sart (forsiy) tilini fonetik, leksik va grammatik jihatdan solishtirib, chog‘ishtirma tilshunoslikka asos soldi.

“Muhokamatul-lug‘atayn” asari dastlab so‘z taʼrifi bilan boshlanadi: so‘z go‘yo durdur. Durnining joylashish o‘rni dengiz tubi bo‘lsa, so‘zning joylashishi o‘rni ko‘ngil (xotira)dir. Dur g‘avvos yordamida dengiz tubidan tashqariga chiqarilib, jilvalantirilsa va g‘avvosning qiymati javharni jilvalantira olish qobiliyatiga qarab belgilansa, so‘z sohibi ixtisos tomonidan ko‘ngildan tashqariga olib chiqiladi va notiqning qiymati so‘z qo‘llash mahoratiga, uni jilvalantirish qobiliyatiga qarab belgilanadi. Dengiz qaʼrida harakatsiz imkoniyat tarzida turgan durlar g‘avvos yordamida harakatga keltirilsa, ko‘ngil tubidagi imkoniyat tarzidagi so‘zlar ham so‘zlovchi tomonidan nutqiy jarayonda o‘z jilvasini topadi.

Bundan ko‘rinadiki, nemis tilshunosi Vilgelʼm Gumboldt va shveysariyalik olim F.Sossyurdan ancha oldin til va nutq hodisalarini bir-biridan farqlagan. Achinarli tomoni shundaki, yaqin-yaqingacha til va nutq munosabati, bu ikki hodisani bir-biridan farqlash nomlari zikr etilgan olimlar lingvistik taʼlimotining asosini tashkil qiladi, deb hisoblab kelinar edi.

Alisher Navoiy «Chor devon», “Xamsa”, «Mahbub-ul qulub», «Majolisun nafois», «Mezon-ul avzon» kabi asarlari bilan o‘zbek adabiy tilini amaliy jihatdan isbоtlagan bo‘lsa, “Muhokamatul-lug‘atayn” asarida uni nazariy jihatdan tushuntirib berdi. Asar Navoiy hayotining so‘nggi yillarida, yaʼni hijriy 905, melodiy 1499 yilda yozilgan.

Asarda Navoiy arab, turkiy, forsiy, hindiy tillarini keltirib, ularning ichida arab tili nafisligi va badiiy bezagi bilan ajralib turishini uqtirib o‘tadi. So‘ngra uch nav til borki, bular asl va moʻtabardir, deya taʼkidlaydi. Keyinchalik, muallif turkiy va sart tilining qiyosiy tahliliga kirishadi.

Navoiyning mazkur asarida qator masalalar ilgari surilgan.

Jumladan, Navoiyning ikki tildagi lug‘atni bir-biri bilan qiyosiy tarzda o‘rganar ekan, fors-tojik tilida muqobili bo‘lmagan ko‘plab o‘zbek so‘zlarini keltiradi.

Ikki tilni qiyoslar ekan, Navoiy o‘zbek tilining so‘z yasalish borasidagi boy imkoniyatini namoyish qilib, o‘zbek adabiy tilining grammatik meʼyorlarini belgilashda ham samarali ishlagan. Bu ixcham grammatik normalar orqali yangi so‘zlar hosil qilish, yangi maʼno ifodalashga eʼtibor bergan.

“Muhokamatul-lug‘atayn”da turkiy xalq va qabilalar, qavmlar tili, Movarounnahr va Xurosondagi irqiy hamda shevaga xos manzara alohida tilga olingan. Yetmish ikki til, yetti iqlimning har birida necha mamlakat va viloyat borligi, har qaysi mamlakatda qancha shahar, qasaba (qishloq), kent mavjudligi, bu joylarda, dashtlarda, orollarda, daryo sohillarida turli ulus va qabilalar yashashi, turkiy tillar, turkiy lahja hamda shevalar to‘g‘risida qayd etiladi.  

Navoiy dahosining qudrati shunda kuzatiladiki, u o‘zining amaliy-badiiy faoliyati bilan turli til, lahja va shevalarga xos fonetik, leksik va grammatik xususiyatlarni umumlashtirdi, muayyan meʼyorga solib, sayqallashtirdi. Shu tariqa, yagona adabiy tilga asos solib, uni yuqori cho‘qqiga olib chiqdi.

Mavzuga oid

Xorijdagi vatandoshlar farzandlari o‘rta...

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi xorijdagi vatandoshlar farzandlari uchun «O‘zbekiston madan...

Anqarada Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishl...

Turkiya Milliy kutubxonasida mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan buyuk muta...

Madaniyat vaziri turkiyalik bir guruh o...

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Turkiyaga safari doirasida tu...

So`nggi yangiliklar