24/Yanvar/2022 Iqtisodiyot
TOSHKЕNT, 24-yanvar. /«Dunyo» AA/. Angren IESda har birining quvvati 300 megavattdan bo‘lgan 2 ta, ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan yangi, zamonaviy energobloklar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular 2024-2025 yillarda ishga tushiriladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ma’lumki, Angren issiqlik elektr stansiyasi Angren shahri va uning atrofidagi aholi iste’molchilarini, shuningdek, barcha ijtimoiy soha ob’ektlarini elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur stansiya elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda 4 ta turboagregat, 5 ta qozon agregati va 1 ta yangi energoblokdan foydalaniladi. Stansiyaning umumiy o‘rnatilgan quvvati 393 megavattni tashkil qilib, 1957-1963 yillarda eski qurilmalar va 2016 yilda quvvati 150 megavatt bo‘lgan yangi energoblok foydalanishga topshirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining Matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha, stansiya tomonidan yiliga 1 milliard 300 million kilovatt-soat elektr energiyasi hamda 420 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi Angren shahri va uning atrofidagi hududlarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini 100 foiz qoplaydi.