04/Dekabr/2020 Jamiyat
TOSHKENT, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev va Buyuk Britaniya elchisi Timoti Torlot o‘rtasida onlayn-muloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AOKA maʼlum qilishicha, tadbirda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada mavjud muammolar tahlil etildi, axborot-kutubxonachilik yo‘nalishi bo‘yicha uzoq yillik hamkorlikni samarali davom ettirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqotda elchi matbuot kotiblari, jurnalistlar va blogerlar, umuman, axborot sohasi vakillarining malakasini oshirish, xususan, Buyuk Britaniya mediakompaniyalari tajribasi bilan yaqindan tanishtirish taklifini qo‘llab-quvvatladi, bu jarayonga xususiy ommaviy axborot vositalari jalb etilishi alohida qayd etildi.
Uchrashuvda Timoti Torlot AOKA bilan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini yana-da kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha kelishib olindi.