08/Iyun/2020 COVID-19
TOSHKENT, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. COVID-19 ga qarshi kurashda O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan yordamning bir qismi sifatida ajratilgan test tizimlari AQSH elchixonasi tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga yetkazib berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri elchixona manbasiga asoslanib.
– O‘zbekistonda xavfli virusni tez aniqlash imkonini beruvchi tizimni rivojlantirishda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda, – deydi AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum. – Taqdim etilgan test tizimlari kasallikka chalinganlar sonini kamaytirish va odamlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.
AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) taqdim etgan yordam to‘plami 15 mingta koronavirusga aniqlash imkonini beruvchi testlar jamlangan 60 ta qutidan iborat. Bir necha haftadan so‘ng yana 10 mingta test to‘plamlari jamlangan 40 ta ana shunday quti O‘zbekistonga yetkaziladi.
– Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi nomidan ushbu yordam uchun hamkor mamlakatga minnatdorlik bildiramiz, – dedi agentlik direktori Bahodir Yusupaliyev. – Ushbu reagentlar mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashda asqatadi va yurtdoshlarimiz sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish imkonini beradi.