Uz / Ўз Ru En

Toshkent

19/Sentabr/2020   Iqtisodiy diplomatiya

AQSh qishloq xo‘jaligi departamenti O‘zbekistondan 10 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishga ruxsat berdi


VASHINGTON, 19 sentyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi tomonidan AQSh Hayvonlar va o‘simliklar salomatligini nazorat qilish xizmatining (APHIS) Yevropa, Buyuk Britaniya, Turkiya va Hindiston mamlakatlari departamenti savdo direktori Prakash Xebbar hamda AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi xalqaro hamkorlik xizmatining O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha mas’ul xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Jahon» AA muxbiri.

Onlayn muloqotda O‘zbekistonning Amerika bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish bo‘yicha taqdim etgan arizasining ko‘rib chiqish jarayoni haqida so‘z ketdi.

Elchi Javlon Vahobov O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasining mazmun-mohiyati, bojxona va chegara punktlarini meva- sabzavot mahsulotlarini fitosanitariya nazorat qilish uchun zamonaviy va ilg‘or uskunalar bilan jihozlanayotgani, shuningdek sanitar va fitosanitar nazorat bo‘yicha milliy huquqiy bazani Jahon savdo tashkiloti talablari va maqsadli tashqi bozorlar standartlari bilan muvofiqligini ta’minlash orqali qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekistonning o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro Konvensiyaga qo‘shilgani qayd etildi.

Uzoq xorijdagi yangi bozorlarni o‘zlashtirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish istiqbollariga alohida urg‘u berildi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2019 yil 2017 yilga nisbatan qishloq xo‘jaligi eksporti ikki barobarga oshgani, xususan, yiliga 10 million tonnadan ortiq sabzavot, 17 million tonnadan ziyod boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shuningdek 2,5 million tonna go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishga erishilgani alohida ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Prakash Xebbar O‘zbekistonning fitosanitariya tizimini takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, meva-sabzavotchilik bo‘yicha «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan texnik ma’lumotlarni tahlil qilish asosida AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistondan Amerika bozoriga 10 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, jumladan, loviya, mosh, no‘xot, yong‘oq, yeryong‘oq, bodom, mayiz, olxo‘ri, turshak va quritilgan anjirni eksport qilish uchun ruxsatnoma berishga qaror qilganini ma’lum qildi.

APHIS savdo direktori elchixonaning o‘zbek qovunini AQShga eksport qilish bo‘yicha murojaatiga to‘xtalib, bu borada taqdim etilgan texnik hujjatlar olti bosqichli o‘rganishning uchinchi bosqichida har tomonlama tahlil qilinayotganini qayd etdi. Amerikalik ekspertning ta’kidlashicha, tadqiqot natijalari olingach AQShga qovun olib kirish bo‘yicha sertifikat joriy yil oxiriga qadar beriladi.

Bundan tashqari, Prakash Xebbar o‘z bo‘limining O‘zbekiston barcha fitosanitariya hujjatlarini taqdim etishi bilanoq, boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, dukkakli mahsulotlar eksportiga ruxsat berish masalasini ko‘rib chiqishni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Onlayn-muloqotda, shuningdek, zararkunandalarga qarshi kurashning ilg‘or biologik usullaridan foydalanish bo‘yicha AQSh tajribasining joriy etilishi va O‘zbekistonda ularni sterilizatsiya qilishga ixtisoslashgan biozavod yaratish istiqbollari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan Prakash Xebbar o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amerikalik yetakchi ekspertlarni jalb etgan holda biofabrika yaratish bo‘yicha trening o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, APHIS o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun videokonferens aloqa vositasida o‘simliklar salomatligi tizimlarini tahlil qilish mavzusiga bag‘ishlangan maxsus kurslar tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid

Quyonchilik milliy modelini yaratishda F...

Mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi diplomatlari Fransiyaning «Groupe Grimaud» konse...

Polsha ishbilarmon doiralari bilan O‘zbe...

O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Babayev Vrotslav shahrida «PLON» kompaniyasi rah...

Hukumat komissiyasi Buxoro viloyatida in...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rahbarligida vazirlik va...

So`nggi yangiliklar