Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Aprel/2020   Siyosat

AQShning maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Kelli Kerri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi


VASHINGTON, 15-aprel. /"Dunyo" AA/. O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi vakillari AQSH Davlat kotibi yordamchisi, Davlat departamentining ayollar global masalalari bo‘yicha ofisi rahbari va maxsus elchi Kelli Kerri bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlat departamentining K.Kerri boshchiligidagi bo‘linmasi amaldagi ma’muriyatning dunyoda ayollarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga oid barcha loyihalari va tashabbuslarining asosiy ijro etuvchi organi bo‘lib, gender masalalarini chet ellarda faol targ‘ib qiladi.

Muzokaralarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini oshirish, ularning barcha sohalarda qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini faollashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Mamlakatimiz xotin-qizlari orasida 30 ga yaqin parlament a’zolari, shu jumladan, mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi Oliy Majlis Senatining raisi, shuningdek 10 dan ortiq mahalliy hokimiyat rahbarlari bor.

Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, har qanday kamsituvchi elementlar bartaraf etilmoqda. Ayollarning sifatli ta’lim olishiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorligi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Uchrashuvda Termizda tashkil etilgan afg‘on yoshlarini o‘qitish markazi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Markazda, jumladan, afg‘on qizlari ham zarur mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olayotgani ta’kidlandi.

Elchi Kelli Kerri O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mamlakatda gender tengligini ta’minlash, ijtimoiy va siyosiy hayotda ayollarni keng jalb qilishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Afg‘oniston xotin-qizlari uchun o‘quv dasturlarini amaliyotga tadbiq qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.

U AQSH mamlakatimizdagi izchil o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida ayollarning faolligini oshirishga kuch berayotganini olqishlashini ta’kidladi.

Davlat departamenti vakilining so‘zlariga ko‘ra, davlatimiz rahbariyati majburiy mehnatga barham berish borasida katta yutuqlarga erishgani uchun katta hurmatga sazovordir. Majburiy mehnatdan aholining zaif qatlami bo‘lgan xotin-qizlar, asosan, jabr ko‘rgan edi.

Oliy Majlis Senatida Gender tengligi bo‘yicha komissiya tuzish, ayollar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarning kafolatlari to‘g‘risidagi qonun qabul qilish kabi tashabbuslar AQSHda O‘zbekiston rahbariyatining qat’iyati, shuningdek, mamlakatning yangi qiyofasini mustahkamlash va islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasidagi izchil qadamlar sifatida qabul qilinmoqda.

Muzokaralarda Prezident Donald Tramp tomonidan 2019 yil fevral oyida ilgari surilgan AQSHning Ayollar rivojlanishi va farovonligi bo‘yicha global tashabbusiga O‘zbekistonning qo‘shilishi istiqbollari ham muhokama qilindi. Ushbu tashabbus rivojlanayotgan mamlakatlarda ayollarni ish bilan ta’minlashning teng imkoniyatlarini yaratish (ta’lim va o‘qitish), tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy jarayonlarda ayollarning keng jalb etilishiga to‘sqinlik qiluvchi qonunchilik va institutsional mexanizmlarni yaratishga yo‘naltirilgan dasturlarni moliyalashtirishga qaratilgan loyihadir.

Ushbu maqsadlar uchun AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi 50 million dollarlik jamg‘arma tuzdi. Jamg‘arma imkoniyatlarini Jahon banki, XVF va Amerikaning yirik biznes vakillari mablag‘larini keng jalb qilish orqali yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv davomida jahonda epidemiologik vaziyat normallashgandan so‘ng gender tengligini ta’minlashning dolzarb masalalari bo‘yicha muloqotni rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid

Prezident Innovatsion rivojlanish vazirl...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovats...

O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vaz...

O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama kun tartibidagi masalalar va...

O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Ass...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi tashabbusl...

So`nggi yangiliklar