29/May/2023 Jamiyat
AR-RIYOZ, 29 may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan «Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi» bilan hamkorlikda «O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni: madaniyat va maʼrifatning xalqlar o‘rtasidagi aloqalarda «yumshoq diplomatik kuch» sifatidagi ahamiyati» mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Saudiya Arabistonining qator axborot-tahliliy markazlari ekspertlari, siyosiy tahlilchilar, MDH davlatlari bo‘yicha mutaxassislar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar va ommaviy axborot vositalar vakillari ishtirok etdi.
Elchi Ulug‘bek Maqsudov o‘z nutqida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlar hamda ularning samarali natijalari to‘g‘risida maʼlumot berdi.
«Mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish hamda liberallashtirish, Yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha ulkan ishlar olib borilmoqda, - dedi O‘zbekiston diplomatik missiyasi rahbari. - Tarixan qisqa vaqt ichida davlatimiz rahbari boshchiligida tub va jadal demokratik islohotlarning mutlaqo yangi bosqichi boshlanishini belgilab beruvchi jamiyat hamda davlatni barqaror rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi – inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini himoya qilishdir».
Ulug‘bek Maqsudov, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, taʼlim va ilmiy-maʼrifiy sohalardagi aloqalarda erishilayotgan yutuqlar haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tdi.
«Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi» raisi, doktor Majid at-Turki o‘z navbatida, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yuqori baholadi. «O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga buyurgan davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Saudiya aloqalari rivojini yangi bosqichga ko‘tardi, - dedi u. -Oliy darajadagi tashrifdan so‘ng ikki davlat o‘rtasida, xususan ularning vazirlik va idoralari, shuningdek ilmiy-tahliliy markazlari o‘rtasida o‘zaro tashrif almashuvlari va manfaatli muloqotlar jadal tus oldi. Saudiya Arabistonining qator kompaniyalari O‘zbekistonga yirik sarmoyalar kiritmoqda. Qo‘shma korxonalar soni tobora ortib borayapti. O‘zbekiston iqtisodiga kiritilgan saudiya kompaniyalarining sarmoyalari qariyb 15 milliard dollarga yetdi. Iqtisodiy va ijtimoiy sohalar bilan bir qatorda, taʼlim, maʼorif va madaniyat sohalarida ham aloqalarimiz rivojlanib borayotgani quvonarlidir».
Saudiyalik tadqiqotchi olim, doktor Xolid al-Yusuf o‘z maʼruzasida mamlakatlarimiz madaniy-gumanitar, taʼlim va noshirlik sohadagi hamkorlikni jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi. «Bu biz uchun bu quvonarli holdir. Bugungi kunda madaniyat, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, taʼlim, turizm va sport yo‘nalishlaridagi rishtalar tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol ko‘rish mumkin. So‘nggi 5-6 yil ichida arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan Saudiya adabiyoti namunalari – roman, hikoya va sheʼriy to‘plamlar hamda adabiyotshunoslikka oid monografiyalar va tadqiqotlar O‘zbekistondagi yirik «G‘afur G‘ulom», “O‘qituvchi” va “Yoshlar” nashriyotlarida chop etildi».
Davra suhbati doirasida mazkur Markaz tomonidan arab tilida nashr etilgan Murtazo Saydumarov qalamiga mansub «Hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida hikoya janri» hamda Xolid al-Yusuf va Mahmuda Saydumarova hammuallifligidagi «O‘zbek adabiyotini arab tilida o‘qib» kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.
«Hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida hikoya janri» kitobida o‘zbek adabiyotining taniqli namoyondalari – Cho‘lpon, Abdullla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad, Abdulla Qahhor, O‘lmas Umarbekov, Nosir Fozilov, Farhod Musajonov, Oydin Hojiyeva, Tohir Malik, O‘tkir Hoshimov, Xayriddin Sultonov, Xurshid Do‘stmuhammad, Ulug‘bek Hamdam va boshqalarning asarlaridan namunalar o‘rin olgan.
«O‘zbek adabiyotini arab tilida o‘qib» kitobi esa bir qator arab adabiyotshunos olimlarining o‘zbek hikoyanavislari asarlarining tahlillari o‘rin olgan. Ushbu nashrdan o‘rin olgan o‘zbek hikoyanavisligiga bag‘ishlangan tahliliy maqolalarda syujet, xarakter, voqea birligi, badiiy tasvir va voqelikning o‘zaro bog‘liqliligi masalalari atroflicha tahlil qilingan.