Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Yanvar/2021   Media

«Ash-Sharqul Avsat» gazetasi: Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalar oqimini oshirishga kelishdi


AR-RIYOD, 27-yanvar /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Holid Al-Falihning O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan investitsion forum tafsilotlari Podshohlikning yetakchi nashrlaridan biri — «Ash-Sharqul Avsat» gazetasida «Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va investitsiyalar oqimini oshirishga kelishdi» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda qayd etilishicha, ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, taʼlim va tadqiqot yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish – forum kun tartibining asosiy masalalari bo‘ldi.

«Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston investitsiya oqimlarini ko‘paytirish orqali davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni qator sohalarda mustahkamlashga intilmoqda. Ikkala tomon ham mamlakatlar rivojlanish strategiyalari doirasida mavjud sarmoyaviy imkoniyatlarini amaliy loyihalarga aylantirishni ko‘zlamoqda.

Bu haqidagi bayonotlar Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan Saudiya Arabistoni - O‘zbekiston investitsiya forumida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Holid al-Falih hamda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tomonidan bildirildi», - deb bayon qiladi nashr.

Nashr H.al-Falih forumda o‘z mamlakatining O‘zbekiston bilan turli siyosiy, iqtisodiy, diniy va madaniy sohalardagi aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidlagani va «Biz davlatlarimiz rahbariyatlarining intilish va maqsadlariga erishish va ikki mamlakatni birlashtiradigan aloqalarning munosib darajasiga yetish uchun o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish harakatidamiz. Rejalarimiz katta, biz har ikki davlatning mansabdor shaxslari sifatida xususiy sektor kuchaytirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash orqali maqsadlarimizga erishamiz», - deb bayonot bergani haqida xabar qilgan.

“Shuningdek, vazir «O‘zbekiston barcha sohalarda buyuk uyg‘onish davrini boshdan kechirmoqda, biz uning favqulodda o‘zgarish va iqtisodiy o‘sish rejasida o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan va faol ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz. Saudiya Arabistoni xorijiy mamlakatlar bilan savdo va sarmoyaviy hamkorlikni oshirishda yetakchi kompaniyalar va xususiy sektorga tayanadi. O‘zbekiston bilan hamkorlikni va sheriklikni mustahkamlash, xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasida aloqa ko‘priklarini qurishda ham xususiy sektorning roli katta», deya qo‘shimcha qildi”, - deyiladi maqoladi.

Gazeta, shuningdek, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning «Koronavirus pandemiyasi tarqalishi tufayli dunyoda kechayotgan qiyin sharoitlar va sayohat cheklovlariga qaramasdan, O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni delegatsiyasining kelishi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan qardosh munosabatlarning juda chuqurligini aks ettiradi, davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni bir necha mushtarak omillar birlashtirib turadi, ularning boshida albatta umumiy muqaddas Islom dinimiz gavdalanadi. Saudiya Arabistoni ham bu munosabatlarni yana-da yuqoriroq cho‘qqilarga ko‘tarishga ishonch bildirmoqda», degan so‘zlarini keltirgan.

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikning rivoj topishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yorqin misollaridan biri hisoblanadi hamda bu hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik uchun ko‘prik bo‘lmoqda.

Materialda taʼkidlanishicha, forum doirasida ikki davlat xususiy sektorlarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashini tuzish, “Flynas” va «Uzbekistan Airways» kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, Islom sivilizatsiyasi markazi va Podshoh Faysal nomidagi tadqiqotlar va islomshunoslik markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi kabi hujjatlar imzolangan. Hukumat va xususiy sektor vakillari o‘rtasida muzokaralar olib borilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonning Buxoro va Navoiy viloyatlarida shamol elektrostansiyalarini qurish bo‘yicha tegishli shartnomalarining imzolanishi muhim voqealardan bo‘ldi.

«Ushbu tashrif O‘zbekistonning investitsion muhiti bilan yaqindan tanishish, ikki davlat xususiy sektor vakillari uchun mavjud imkoniyatlarni o‘rganishga, o‘zaro savdo aylanmasi va qo‘shma investitsiya loyihalar soni oshishiga, turli sohalarda tajriba almashishga o‘z hissasini qo‘shadi», - deb xulosa qiladi nashr.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy...

Kuvaytning «Times-Kuwait» ommabop gazetasi va uning veb-sahifasida O‘zbekistonda ijtimoiy ...

O‘zbekistonning mintaqalararo aloqalarni...

Pokistonning yetakchi nashrlaridan biri - «Pakistan Observer» gazetasi va uning veb-sahifa...

O‘zbekiston ziyoratgohlari Indoneziyada ...

Indoneziyaning “Liputan” axborot portalida Indoneziya parlament delegatsiyasining O‘zbeki...

So`nggi yangiliklar