Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Oktabr/2020   Siyosat

BAA elchisi Said Matar al-Qamziy: O‘zbekistonda o‘zimni oilam va do‘stlarim davrasidagidek his etayapman


TOSHKENT, 29 oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida Birlashgan Arab Amirliklarining mamlakatimizdagi elchisi etib tayinlangan Said Matar al-Qamziydan ishonch yorlig‘ini qabul qilib oldi.

BAA diplomatik vakolatxonasi rahbari “Dunyo” AA muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekiston Prezidentiga ishonch yorlig‘ini topshirish marosimining yuqori darajada tashkil etilgan yangi shakli alohida taassurot qoldirganini qayd etdi.

– Bismillahir rohmanir rohiym.

O‘zbekistonda samimiy qarshi olindim va o‘zimni oilam, do‘stlarim davrasidagidek his etmoqdaman. Bunday munosabat menga ko‘plab insonlar bilan tanishish hamda do‘stlik rishtalarini o‘rnatishga yordam bermoqda. Xususan, bugungacha Buxoro, Samarqand, Navoiy va Nukus kabi shaharlarga safar qilishga muvaffaq bo‘ldim.

– Yuqori darajadagi muntazam aloqalar tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi anʼanaviy do‘stlik va o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi munosabatlarning joriy holatini qanday baholaysiz, O‘zbekiston – BAA sherikligini har jihatdan rivojlantirish bo‘yicha oldingizga qanday maqsadlar qo‘ydingiz?

– Allohga hamdlar bo‘lsinki, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari yana-da mustahkamlandi. Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon Janobi Oliylari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona boshqaruv siyosati tufayli xalqaro forumlar o‘tkazilib, idoralararo siyosiy muvofiqlashtiruvlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatlarimiz barcha sohalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalarida sheriklik imkoniyatlarini tahlil qilish maqsadida qo‘shma qo‘mitalar tashkil etilgan. Bugungi kunda savdo ayirboshlash va sarmoyaviy hamkorlik faol ruhda olib borilmoqda. Navoiy viloyatida quriladigan shamol elektr stansiyasi va boshqa loyihalar fikrimizga misoldir.

   O‘zbekistondagi faoliyatim davomida davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama rivojlantirish, ayniqsa, iqtisodiy jabhada hamkorlikni yana-da mustahkamlash, savdo hajmi va investitsiyalar jalb qilishni sezilarli yaxshilashga harakat qilaman.

– Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qo‘shma iqtisodiy va sarmoyaviy loyihalar haqida atroflicha so‘zlab bersangiz.

– Navoiy viloyatida shamol elektr stansiyasini qurish hamkorlikdagi muhim loyihalardan biridir.

Uni amalga oshirish maqsadida BAAning qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kompaniyalaridan biri MASDAR bilan O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida investitsiya bitimi imzolandi. 2020 yil 8 iyun kuni onlayn tarzda o‘tgan tadbirda Navoiy viloyatida quvvati 500 MVtga teng dunyodagi yirik shamol elektr stansiyalaridan birini qurishga kelishib olindi. Kompaniya shamol elektrostansiyasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishni taʼminlaydi.

Elektrostansiyaning ishga tushirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Loyihaga 600 million dollardan ortiq miqdorda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, stansiyani bunyod qilish davrida va u ishga tushganidan so‘ng 1 ming 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shamol elektr stansiyasi yiliga 500 mingdan ortiq  oila isteʼmoli uchun yetarli bo‘lgan 1,9 gVt/s arzon elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Bu mamlakat energiya muvozanatini diversifikatsiyalash va mustahkamlashga xizmat qiladi.

Loyiha natijasida energetika sohasida zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sarflanadigan tabiiy gaz hajmini (yiliga 175 million kubometrgacha) eksport yoki sanoat korxonalariga yo‘naltirish, atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid hajmini sezilarli darajada kamaytirishga (yiliga 1,1 million tonnagacha) imkon beradi. Qurilish ishlarini joriy yil yakuniga qadar boshlash rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichi (250 MVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish) 2022 yil o‘rtalariga qadar amalga oshiriladi. Shamol elektr stansiyasi 2023 yildan to‘liq quvvat bilan ishlashi kutilmoqda.

– Shu yil 13 oktyabr kuni muhim voqea ro‘y berdi – O‘zbekiston Respublikasi 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylandi...

– O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani mamlakatning inson huquqlari sohasida olib borayotgan siyosati, bu borada qo‘lga kiritgan natijalar, amalga oshirilgan saʼy-harakatlar samarasi hisoblanadi.

So‘zim yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston va uning xalqiga tinchlik, omonlik, yuksak taraqqiyot tilab qolaman.

– Elchi janoblari, suhbatga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur.

“Dunyo” AA muxbiri

Jamshid Mutalov yozib oldi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotl...

Hindiston ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Ma...

O‘zbekiston Prezidenti Karim Kamolovning...

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida Karim Kamolov xonadoniga kelib, uning r...

Tanzila Norboyeva O‘zbekiston hamda PI o...

Tanzila Norboyeva O‘zbekiston hamda PI o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari...

So`nggi yangiliklar