01/Dekabr/2022 Hamkorlik
SEUL, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. Amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov «Hyundai Heavy Industries» kompaniyasi prezidenti Leye Sang Kyun bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shuni qayd etish joizki, kemasozlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Janubiy Koreyadagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblangan «Hyundai Heavy Industries»da 27 mingga yaqin xodim mehnat faoliyatini amalga oshiradi, ularning 170 nafardan ortig‘i o‘zbekistonlik mehnat migrantlaridir.
Muloqot chog‘ida ushbu kompaniyaga O‘zbekiston fuqarolarini qo‘shimcha ravishda ishga jalb qilish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, «Hyundai Heavy Industries» kompaniyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlashdi.
Uchrashuvda yurtdoshlarimizning ishlash va yashash sharoitlari yuzasidan fikr almashildi.