Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Iyul/2020   O‘sish nuqtasi

Barqaror qishloq xo‘jaligi va istiqbolli eksport – strategik yondashuv va xalqaro bozor talablariga mos faoliyat demak


“Global Export Company” kompaniyasi taʼsischisi va bosh direktori Davron Dadaxonov bilan suhbat

Davron Dadaxonov - iqtisodchi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassis. 2017 yil “Global Export Company” kompaniyasiga asos solgan.

U qisqa davrda kompaniyani respublikamizning yetakchi eksportchilari safiga kiritish, jahon andozalari talablariga mos, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etish, kompaniyani mamlakatimizning eng yirik dukkakli mahsulotlar eksportchilaridan biri darajasiga olib chiqishga erishgan.

D.Dadaxonov o‘z oldiga O‘zbekiston Respublikasida yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni dunyoning yirik tashqi bozorlariga yetkazish, “Made in Uzbekistan” brendini jahonga tanitish, xorijiy ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimizga olib kelish va sohada yuqori malakali kadrlarni tayyorlash kabi maqsadlarni qo‘ygan.

– Dukkakli ekinlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun yangi tarmoq bo‘lmasa-da, yaqin yillargacha eksport uchun keng miqyosda yetishtirilmas edi. Siz rahbarligingizdagi “Global Export Company” kompaniyasi esa mamlakatimizda ushbu yo‘nalishni o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishiga aylantirdi. Suhbatimiz avvalida dukkakli ekinlar biznesi bilan shug‘ullanishga turtki bo‘lgan omil haqida gaplashsak.

– Avvalo dukkakli ekinlar haqida ayrim statistik maʼlumotlarni keltirsam. Bu ayni sohani faoliyatimizning asosi qilib olishimiz maqsadini to‘liqroq tushunish imkonini beradi.

BMTning prognoziga ko‘ra, 2050 yilga kelib dunyo aholisi 9 milliard kishidan oshishi kutilmoqda. Tabiiyki, bu oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning keskin ortishiga olib keladi. Ana shunday sharoitda dukkakli ekinlar dunyo aholisi uchun oqsil va minerallarning hamyonbop manbasiga aylanib bormoqda. Jahonda odamlar turli sabablarga ko‘ra go‘sht isteʼmolini kamaytirishga harakat qilmoqda. Ular anʼanaviy chorvachilikka yetkazilayotgan zarardan tashvishda. Qolaversa, o‘z sog‘lig‘i va hayvonlar haqida ham qayg‘urmoqda.

Startaplar oziq-ovqat taʼminotida yangi davrni boshlab bermoqda. Ular yordamida oqsilga boy manbalar hayvonlar misolida emas, balki o‘simliklar orqali qayta kashf qilinyapti. Ushbu maqsadlar uchun bugun kompaniyalar millionlab investitsiyalarni jalb qilmoqda.

Birgina misol. Bugungi kunda dunyoda har yili 45 million tonna dukkakli mahsulot yetishtiriladi. Bunda Kanada (dunyoda yetishtiriladigan mahsulotning 28 foizi), Avstraliya (24 foiz), Hindiston (24 foiz), Myanma (24 foiz) kabi davlatlar yetakchilik qilib kelmoqda. O‘tgan 2019-yili jahon dukkakli mahsulotlar savdosi hajmi 18,4 milliard dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va mavjud yer resurslaridan unumli foydalanish maqsadida so‘nggi yillarda takroriy ekinlar ekish keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda dukkakli ekinlarni yetishtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu bejiz emas, albatta.

Boisi dukkakli ekinlar barqaror qishloq xo‘jaligiga muhim hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan alohida turdir. Masalan, loviya suvdan unumli foydalanishga imkon beradi. Bu esa dalada takroriy ekiladigan ekin uchun foydalidir. Xususan, 1 kilogramm hayvon oqsiliga boy oziq-ovqat ishlab chiqarish uchun talab etiladigan suv miqdori 1 kilogramm dukkakli ekinni yetishtirish uchun zarur bo‘lgan suv miqdoridan yuzlab marta ko‘pdir. Qolaversa, dukkakli mahsulotlar qurg‘oqchilikka bardoshli va qurg‘oqchil iqlimga mos keladi.

Ular tuproq tarkibiga foydali taʼsir ko‘rsatadi, begona o‘tlar, zararkunandalar va patogenlar sonini kamaytiradi. Barqaror qishloq xo‘jaligiga tegishli yana bir xususiyat - bu dukkakli o‘simliklarning azotni bog‘laydigan biologik qobiliyatidir. Ularning baʼzilari bir xil dala sharoitida yetishtiriladigan ekinlar uchun tuproqda fosfor miqdorini oshirishga yordam beradi.

Jahonda dukkakli o‘simliklarga bo‘lgan talab va mamlakatimizda uni yetishtirish istiqbollaridan kelib chiqib, o‘z oldimizga ushbu mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishni maqsad qildik. Ishonchim komilki, dukkakli ekinlar – bu insoniyat sog‘lom ovqatlanishining kelajagidir.

Hamkorlar bilan birgalikda uzoq yillar davomida tashqi savdo sohasida to‘plagan bilim-ko‘nikma va tajribaga asoslanib 2017 yilda “Global Export Company”ga asos soldik. Aynan dukkakli mahsulotlarni asosiy nomenklatura sifatida ko‘rib, ishni ham shunga mos tarzda tashkil qilishga erishdik. Kompaniyamiz tashkil etilganiga unchalik ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, ikki yilda dukkakli mahsulotlar eksportchisi sifatida mamlakatdagi shu turdagi kompaniyalar orasida yetakchilardan biriga aylanishga ulgurdik.

– Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi sabab davlatlararo chegaralar qisman yopilgan. Oqibatda mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarilgan keng isteʼmol mahsulotlarini eksport qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. “Global Export Company” ayni sharoitda ham samarali faoliyat yuritayotgani eʼtiborga va o‘rganishga loyiq. Cheklangan imkoniyatlar sharoitida yangi yo‘nalish va hamkorlar topish oson emas. Bu boradagi tajribangiz bilan bo‘lishsangiz.

– Haqiqatan to‘g‘ri taʼkidladingiz. Pandemiya sabab ko‘p davlatlar o‘z chegaralarini yopishga yoki harakat doirasini cheklashga majbur bo‘lmoqda. Hozirgi davr har bir tadbirkordan, kompaniyadan shunday vaziyatda ham izlanish, imkoniyat topishni talab etmoqda.

Istiqbolli reja asosida joriy yilgi mahsulotlar eksportida pandemiya va davlatlararo harakatlanishning cheklanishi bilan bog‘liq vaziyat inobatga olinmagan edi. Oqibatda esa pandemiya sabab mahsulot eksportining Janubiy, Janubi-G‘arbiy yo‘nalish bo‘ylab amalga oshirilishida qiyinchiliklar yuzaga keldi, logistika va tranzit xarajatlari ortdi.

Ushbu vaziyatda mahsulot uchun yangi bozor izlash yo‘lini tutdik. Masalan, shu paytgacha Eron, Hindiston yo‘llari orqali mahsulotlarni kerakli manzilga yo‘naltirganmiz. Ayni paytda Rossiyaning Vladivostok porti, Turkiyaning Mersin porti orqali yuklarimiz o‘z manzili tomon yetkazilmoqda. Davlatimiz tomonidan eksportchilar yo‘l xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab berilishi esa mahsulotlarimizni hamkor tomon bilan kelishgan, xalqaro bozordan yuqori bo‘lmagan narxlarda yetkazib berish imkoniyati ortdi.

– Oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro bozorga yo‘naltirish uchun eng muhim jihat qaysi: uning xavfsizligi, sifat kafolati yoki arzon narxlarmi? Dehqon va fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini xalqaro isteʼmolchi rastasiga yetkazib berish uchun qanday jarayonlarga eʼtibor qaratishi darkor?

– Har uch jihat ham oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro bozorga yo‘naltirish uchun muhim hisoblanadi. Albatta, mahsulot xavfsizligi uni, birinchi navbatda, har xil zararkunanda hasharotlarga qarshi “fumigatsiya” (zararsizlantirish) qilishni taqozo etadi. Qolaversa, eksport qilinayotgan mahsulot biz odatlangan va yetarli, deb bilgan talablardan yuqori bo‘lishi lozim. Shubhasiz, uning narxi ham xalqaro bozordagi raqobatga dosh bera olishi lozim.

Kompaniyamiz dukkakli mahsulotlarni ayni talablarga muvofiq, ekinlarni ekishdan tortib, ularni eksport qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonning yaxlit tizimda tashkil etilishini taʼminlab kelmoqda. Bu mahsulotni yetishtirish, yig‘ish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash, eksport qilishning yaxlit tizimini anglatadi. Natijada, fermerlar mahsulot uchun ishonchli xaridor, importchi davlat esa sifatli va belgilangan muddatlarda uni xarid qilish kafolatiga ega bo‘lmoqda. Ilgarilari bu jarayonlar alohida-alohida amalga oshirilar, talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatda barqarorlik bo‘lmagani bois mahsulot narxi ham o‘zgaruvchan hisoblanardi. Bu esa xaridorni yo‘qotishdagi eng katta xatarlardan.

O‘tgan yili Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida sinov tariqasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatgan holda, fermer xo‘jaliklariga jami 20 tonna urug‘lik mosh yetkazib berdik va yetishtirilgan tayyor mahsulotlarni bozor narxlarida xarid qildik. Ushbu mexanizm O‘zbekistondagi dehqon va fermer xo‘jaliklariga yetishtirgan mahsulotlariga aniq xaridor borligini bilish va eksportchi uchun mahsulot zaxiralarini shakllantirish haqida maʼlumotga ega bo‘lish imkonini berdi. Joriy yil ushbu yo‘nalishlardagi tajribani Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatida keng qo‘llash rejalashtirilgan.

Dehqon, fermer xo‘jaliklari va boshqa korxonalar o‘z mahsulotlarini xalqaro isteʼmolchi rastasiga yetkazib berishi uchun, birinchi navbatda, mahsulot sifati yuqori bo‘lishi hamda ishlab chiqarish jarayoni xalqaro standartlarga javob berishi talab etiladi. Aynan ushbu talablarga javob bera oladigan firma va kompaniyalar o‘z mahsulotlarini xorij bozorlariga chiqara oladi. Odatda dehqonlarimiz tayyor mahsulotni oddiy “yashik”larda bozorga olib chiqish tajribasidan keng foydalanadi. Xalqaro bozorga chiqish va undan munosib o‘rin egallash uchun esa mahsulot sifati va uni qadoqlash mexanizmi juda muhim ahamiyatga ega.

– Biznes haqida so‘z yuritganda faoliyatni diversifikatsiya qilish va qamrov doirasini kengaytirib borish muhim o‘rin tutadi. Bu yangi mahsulotlar yetishtirish, tayyorlash, o‘zgaruvchan bozor sharoitida moslashish imkonini beradi. “Global Export Company” mamlakatimizda istiqbolli yo‘nalish – dukkakli mahsulotlarning yirik eksportchisi bo‘lsa-da, o‘z biznes maqsadlarini kengaytirib borishga intilayotgani ham bunga misol, to‘g‘rimi?

– Dukkakli mahsulotlarni eksport qilishda mamlakatimiz bugungi kunda jahon bozorida yetakchilardan. Shu bois ayni paytda dukkakli o‘simliklar bilan bir qatorda yeryong‘oq (araxis) va o‘rik danagi eksporti uchun ruxsatnomaga ega bo‘ldik. Xitoyga ilk bor ushbu mahsulotlar eksportini amalga oshirdik. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu mahsulotlar nomenklaturasi va eksport salohiyati oshirilmoqda. Yana bir yangi yo‘nalish sifatida to‘qimachilik sohasini tanladik.

So‘nggi yillarda ushbu sohada yurtimizda ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Paxta tolasini yetishtirish, qayta ishlash to‘liq xususiy sektorga berilgani va bu borada imkoniyatlar kengayayotganini alohida taʼkidlash joiz. Bu borada katta salohiyatni inobatga olgan holda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yishni o‘z oldimizga maqsad qildik. Bugungi kunda Rossiyaning yetakchi brendlari bilan shartnomalar tuzdik. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq fabrika bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Ushbu korxonalar buyurtmalarimiz asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarmoqda. Malakali mutaxassislar tomonidan mahsulotlar sifatini tekshirish, sertifikatlash ishlari bajarilmoqda.

Kelajakda ushbu yo‘nalishda ham mahsulotlar nomenklaturasini va eksport qilinayotgan davlatlar geografiyasini kengaytirishni o‘z oldimizga maqsad qilganmiz.

– “Global Export Company” o‘z mahsulotlarini, asosan, Janubi-Sharqiy va Janubi-G‘arbiy Osiyo mamlakatlariga eksport qiladi. Ammo Yevropa bozori biz uchun ushbu yo‘nalishda to‘liq kashf qilinmagan yo‘nalishdir. Eksport geografiyasini Shimol va Shimoli-G‘arbga tomon kengaytirish uchun mavjud to‘siq yoki sharoit, mahsulotni xalqaro standartlarga moslashtirish istiqbollari haqida nima deya olasiz?

– Haqiqatan kompaniyamiz mahsulotlarining salmoqli qismi, yaʼni 80 foizi Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari – Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda. Ammo bugungi kunga kelib Yevropa davlatlariga ham eksport qilish imkoniyati ortib bormoqda.

Biz oziq-ovqat xavfsizligi standartlari va so‘nggi talablarni ishlab chiqarish jarayoniga joriy etganmiz. Ushbu standartlar yetakchi xorijiy SGS (Shveysariya) va TÜV (Germaniya) kompaniyalari tomonidan auditdan o‘tkazildi va sertifikatsiya qilindi.

Buning natijasida eksport geografiyasini Yevropa tomonga kengaytirishni boshladik. Mamlakatimiz kompaniyalari orasida birinchi bo‘lib Belgiya, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya mamlakatlariga dukkakli mahsulotlar eksportini taʼminlashga erishdik.

Eksport geografiyasi haqida gapirganda ilgari dukkakli o‘simliklar O‘zbekistondan, asosan, Hindiston, Pokiston va Afg‘onistonga yarim tayyor mahsulot holatida eksport  qilinardi. Bugungi kunda ushbu mahsulotlarni tozalash va qadoqlash borasida ijobiy ishlar amalga oshirildi, zamonaviy dastgohlar o‘rnatildi. Natijada mahsulotlar endilikda kompaniyamiz tomonidan dunyoning 20 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda.

Eksport, umuman, biznes maydonini kengaytirish uchun, avvalo, qulay muhit va sharoit zarurligini yoddan chiqarmaslik kerak. Bizning ham ijobiy yutuqlarimizda Prezidentimiz va hukumat tomonidan eksportchi korxonalarga yaratilayotgan sharoit, qulayliklarni alohida taʼkidlash joiz.

So‘nggi yillarda eksportni rivojlantirish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda, jumladan, bojxona va soliq maʼmurchiligi isloh qilindi, kredit foizlarini va transport xarajatlarini bir qismini qoplash mexanizmlari joriy etildi. Shunga o‘xshash qator yengilliklar yaratilgani eskportchi kompaniyalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda, oldimizga qo‘yilgan ulkan marralarni zabt etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Ulug‘bek Shonazarov suhbatlashdi,

“Dunyo” AA

Mavzuga oid

«Urgut» erkin iqtisodiy zonasida noto‘q...

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Samarqand viloyatidagi «Urgut» erkin ...

Fransiya kompaniyasi Toshkentda suv va o...

1858 yilda tashkil etilgan SUEZ kompaniyalar guruhi shahar suv ta’minoti tizimlarini boshq...

O‘zbekiston Markaziy banki xorijiy valyu...

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi kursl...

So`nggi yangiliklar