05/Avgust/2020 Jamiyat
TOShKENT, 5 avgust. /«Dunyo» AA /. Kecha Livan poytaxti Bayrut portida sodir bo‘lgan kuchli portlash natijasida 60 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 3 mingdan ortiq kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi muxbiri.
«Euronews» telekanaliga ko‘ra, portlash Bayrut portining asosiy qismini vayron qilgan va shaharning aksariyat binolarga zarar yetkazgan.
Xorijiy OAVlarning xabar berishicha, portlash natijasida qator davlatlar, shu jumladan Rossiya va Qozog‘istonning diplomatik vakolatxonalari binolariga ham ziyon yetgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bojxona tomonidan musodara qilingan va portda saqlanayotgan 2 ming 700 tonna ammiakli selitra portlab ketgan.
Ko‘p odamlar shisha parchalari bilan yaralangan. Portlash sodir bo‘lgan joydan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan binolarga ham zarar yetkazilgan. Seysmologlarning ta’kidlashicha, portlash Rixter shkalasi bo‘yicha 4,5 magnitudali zilzila kuchiga teng bo‘lgan.
Ayni paytda o‘t o‘chiruvchilar Bayrut portida portlash natijasida kelib chiqqan yong‘in va boshqa talofatlarni bartaraf etish ishlarini olib bormoqda. Yong‘in o‘chirilgandan so‘ng qutqaruvchilar qoldiqlarni aniqlash ishlarini boshlaydi, deb xabar bermoqda «Euronews».