Uz / Ўз Ru En

Toshkent

17/May/2021   9 may - Xotira va qadrlash kuni

Belarusda o‘zbek qahramonlari Abdusalim Dexqonboyev va Jo‘raxon Usmonov xotirasi yodga olindi


MINSK, 17-may. /“Dunyo” AA/.  Belarusning Gomel viloyati Loyevskiy tumanidagi Derajichi va Xominka qishloqlarida Qahramonlar Abdusalim Dehqonboyev va Jo‘raxon Usmonov xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xotira tadbirlarida o‘zbek diplomatlari, Loyevskiy tumani Ijroiya qo‘mitasi rahbariyati, harbiy xizmatchilar, maktab o‘quvchilari, mahalliy aholi va turli  jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

Abdusalim Dexqonboyev 1906 yilda Farg‘ona viloyatining Ashirqo‘zi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1943 yilda armiya safiga chaqirilgan. Oddiy askar, 81-o‘qchi diviziya, 467-o‘qchi polkining 3-o‘qchi rotasi harbiysi bo‘lgan. Havo desant kuchlari safida u birinchilardan bo‘lib Gomel viloyatida Dnepr daryosining o‘ng qirg‘og‘iga o‘tib, dushman manziliga kirib borgan. Natsistlarni pulemyot bilan dog‘da qoldirib, qolgan askarlarning daryoni kesib o‘tishini taʼminlagan. Belarusni ozod qilishdagi janglarda qahramonligi uchun 1944 yil 15 yanvar kuni unga vafotidan so‘ng Qahramon unvoni berilgan.

Har yili mahalliy aholi 9 may kuni Xominka qishlog‘idagi yodgorlik atrofiga yig‘iladi. Ular jang maydonlaridan qaytmagan, halok bo‘lgan, urush tufayli mayib-majruh bo‘lgan askarlar xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Darvoqe, ushbu yodgorlik Sovet va Usmonov nomidagi ko‘chalar kesishmasida o‘rnatilgan. Belarusliklar uchun noodatiy bo‘lgan o‘zbek familiyasini bu yerda barcha yaxshi biladi. Ko‘cha Qahramon, I darajali Vatan urushi va Qizil Yulduz ordenlari sohibi Jo‘raxon Usmonov sharafiga qo‘yilgan.

Xominka qishlog‘idan uch kilometr uzoqlikdagi Karpovka qishlog‘i yonidagi Soj daryosi bo‘yidagi janglarda o‘zbekistonlik bir yigit qahramonlik ko‘rsatgan. Arxiv hujjatlariga ko‘ra, 1943 yil 29 sentyabr kuni tunda katta serjant Jo‘raxon Usmonov qo‘mondonligidagi kichik guruh daryoning o‘ng qirg‘og‘ida kichik ko‘prikni egalladi. Tongda fashistlar ularni payqab qoladi va askarlarni yo‘q qilishga urinadi. Guruh 30 martadan ortiq hujumni qaytarishga erishadi.  Janglarda 9 nafar askar tirik qoladi, ammo ular chekinmaydi. Jang pasaygach, ular o‘q-dorilar, granatalar to‘plashga kirishgan, yarador askarlar jang maydonidan olib chiqqan. Yordamchi kuchlar kelgunicha ular kurashni bir soniya ham to‘xtatmagan. 1994 yil 15 yanvar kuni Jo‘raxon Usmonov Qahramon unvoniga sazovor bo‘lgan. U o‘sha paytda 20 yoshda edi.

Belarus Sojining o‘ng qirg‘og‘i o‘zbekistonlik qahramon uchun omadli keldi! Soj qirg‘og‘idagi janglardan so‘ng Jo‘raxon Dneprning o‘ng qirg‘og‘idagi janglarda ishtirok etib, Belarus Polesyesini dushmandan ozod qilgan. 1944 yilning oxirida esa u og‘ir yaralanib, vataniga — Toshkentdagi shifoxonaga jo‘natilgan. U 1945 yil 14 fevral kuni og‘ir yaradorlikdan so‘ng vafot etgan. Qahramon o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi Savat qishlog‘ida dafn etilgan.

Leytenant  Jo‘raxon Usmonov ismi u xizmat qilgan harbiy qism doimiy ro‘yxatiga kiritilgan. Ona qishlog‘idagi o‘rta maktab, qishloqdagi ko‘chaga uning nomi berilgan. Qahramon sharafiga yodgorliklar - byustlar Toshkent va u tug‘ilib o‘sgan qishloqda o‘rnatilgan. Savat qishlog‘idan uzoqdadagi Belarusning Xominka qishlog‘idagi ko‘cha ham o‘zbek askarining nomi bilan ataladi. Bu Belarussiyani fashistlardan ozod qilishda katta qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek jangchisi xotirasiga minnatdorlik ramzi hisoblanadi.

Buyuk G‘alabaning 75 yilligini nishonlash bo‘yicha tashabbus guruhi Qahramon Jo‘raxon Usmonov sharafiga Xominka qishlog‘ida yodgorlik lavhasini o‘rnatishni taklif qildi. Tadbir doirasida Usmonov ko‘chasida uning xotirasiga yodgorlik lavhasi o‘rnatildi.

Mavzuga oid

Xotira va qadrlash - tarix va kelajakni ...

9 may mamlakatimizda umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi...

Misrning “Al-Xabar al-yavm” nashrida O‘z...

Misrning “Al-Xabar al-yavm“ gazetasida Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushi...

Remko Reyding 101 nafar oʼzbek askari xo...

Oʼzbekiston Respublikasining Benilyuksdagi elchixonasi vakillari (qarorgohi Bryusselda) ni...

So`nggi yangiliklar