21/Oktabr/2021 Sayyohlik
BRYUSSЕL, 21 oktabr. /«Dunyo» AA/. Joriy yil 20-28 oktabr kunlari Belgiyaning «Eccholine» kompaniyasining yigirmaga yaqin mamlakatdan bo‘lgan 103 nafar vakili O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarida turizm yo‘nalishida Italiya telekanallari uchun turli mazsundagi ko‘rsatuvlar tayyorlaydi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Kompaniya vakili Kevin Koyeniger bilan o‘tkazilgan muloqotda Fransiya telekanallari uchun tayyorlangan va hozirda montaj ishlari amalga oshirilayotgan hujjatli ko‘rsatuvni olish jarayoni muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, o‘zbekistonlik hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini inobatga olib, dunyoning boshqa mamlakatlari uchun ham shu turdagi ko‘rsatuvlarni tayyorlash boshlagani ta’kidlandi.
Yaqinda tasvirga olingan ko‘rsatuvlar frankofon yo‘nalishdagi ommaviy axborot vositalarida uchun tayyorlangan bo‘lsa, bu safar “SKY Italia” telekanalining buyurmasiga binoan, O‘zbekistonning «Veres-Vert Ltd» turizm kompaniyasi bilan hamkorlikda Italiya ommaviy axborot vositalari uchun ushbu mamlakat tilida maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.
Tashrif doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida jahon standartlari asosida O‘zbekiston turizm salohiyatini namoyon etuvchi hujjatli ko‘rsatuvlar, xususan mamlakatimiz tarixiy shaharlari, xalq bayramlari, milliy urf-odatlar va mehmondo‘stlik kabi yo‘nalishlarda teleloyihalar tayyorlanadi.
Tasvirga olish jarayonida mahalliy aholi, talabalar, turizm kompaniyalari hamda respublikaning tegishli vazirlik va idoralarining mas’ul vakillari ham yaqindan ko‘maklashadi.