Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Avgust/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

BMT qarorgohida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonlariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi

NYU-YORK. 5-avgust. /“Dunyo” AA/. BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonlariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirda Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika mintaqalarida joylashgan 40 dan ortiq aʼzo mamlakatlarning doimiy vakillari va missiya ekspertlari, shuningdek, BMT turli tuzilmalarining xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbati qatnashchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning borishi, uning asosiy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqidagi atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi. Bunda ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining turli qatlamlari tomonidan berilayotgan takliflar, shuningdek,  xalqaro huquqning fundamental meʼyorlarini Asosiy qonunda aks ettirish bilan shug‘ullanadigan Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davra suhbati chog‘ida eng avvalo inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, inson shaʼni va qadr-qimmatini kafolatlashga qaratilgan demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirish nuqtai nazaridan bu jarayon muhim o‘rin tutishi taʼkidlandi. O‘zbekiston tarixidagi o‘ziga xos tajriba – konstitutsiyaviy qonun referendum orqali tasdiqlanishi uchun umumxalq muhokamasi o‘tkazilishiga urg‘u berildi.

Taqdim etilgan maʼlumotlar tadbir mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi va qo‘llab-quvvatlandi. Ishtirokchilarning aksariyati O‘zbekiston tomoni konstitutsiyaviy islohotlar jarayonini nafaqat mamlakat aholisiga, balki butun dunyo hamjamiyatiga ochiq ko‘rsatayotganiga, yaʼni uning shaffofligiga eʼtibor qaratishdi. Ular BMT bosh qarorgohida ana shunday xalqaro davra suhbati o‘tkazishning noyob tajribasi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarga qatʼiy sodiqligi, xorijiy hamkorlar bilan faol hamkorligi va Konstitutsiyaning eng yaxshi demokratik tamoyillari hamda xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlashining namoyishi, deb eʼtirof etishdi.

 Shuningdek, O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotlarning inklyuzivligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar, millati, dini, yoshi, ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar har bir fuqaroning manfaatlarini taʼminlashga qaratilayotgani olqishlandi.

Ozarbayjonning BMTdagi doimiy vakili Yashar Aliyev O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotlaridagi ustuvor yo‘nalishlar mazmuni ochiq va atroflicha taqdim etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. U konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganayotgan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini yuqori baholadi. U Ozarbayjonning ijobiy konstitutsiyaviy tajribasi materiallarda eslab o‘tilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konstitutsiyaviy islohot aholining barcha qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari, turli davlat organlari va xususiy sektor ishtirokini talab qiluvchi murakkab jarayondir. U xalqning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch bildirdi.

Shri-Lankaning BMTdagi doimiy vakili Peter Moxan Maitxiri Piyeris inklyuzivlik, oshkoralik va umumiy rozilik tamoyillariga asoslangan Asosiy qonunning yangilanishini hal qiluvchi va dadil qadam, deb atadi. Doimiy vakil yangilangan Konstitutsiya mamlakat xalqining xohish-irodasi ifodachisi bo‘lishini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini olqishladi. Uning fikricha, kiritilayotgan o‘zgartishlar davlat va aholi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kuchaytirib, ularni bir-biriga yana-da yaqinlashtiradi. «Taklif etilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishar ekanman, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqini yorqin va xavfsiz kelajak kutayotganini ishonch bilan aytishim mumkin», dedi Piyeris.
Sloveniyaning BMTdagi doimiy vakili Bostyan Malovr O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni, uning xalqaro tashkilotlar doirasidagi faoliyatini izchil kuzatib borayotganini aytdi. U mamlakatimizda Konstitutsiyani yangilash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarni yuksak baholadi. Elchi Asosiy qonunga taklif etilayotgan o‘zgartishlar hayotning barcha jabhalariga, jumladan, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy ustuvor yo‘nalishlariga taalluqli ekanini olqishladi.
Turkiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Onchu Kecheli BMT qarorgohida O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotlariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati o‘tkazilishini olqishladi. Uning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo bilan bog‘liq masalalar BMT kun tartibida tez-tez uchramaydi, chunki bu mintaqa murakkab muammolarga ega emas va Xavfsizlik Kengashiga kiritilmagan.

Shu bilan birga, Turkiya vakili Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyat asosan ijobiy yoritilayotganini tan oldi. Xususan, BMT Bosh Assambleyasining yaqinda qabul qilingan «Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilinganiga eʼtibor qaratdi.

Onchu Kecheli Anqara O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini tasdiqlar ekan, O‘zbekiston bu yo‘nalishda ko‘rsatayotgan shaffoflik va ochiqlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Armanistonning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Davit Knyazyan jamiyatning barcha qatlamlari, ayniqsa, ayollar va yoshlar faol ishtirok etayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining yuqori darajadagi shaffofligi va ochiqligini olqishladi. U Konstitutsiya loyihasida insonning ekologik huquqlariga alohida ahamiyat berilganini ham qutladi. “Bu, ayniqsa, Orol dengizining qurishi, mamlakatning g‘arbiy hududlari va undan tashqaridagi vaziyatga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgan sharoitda ayni muddaodir. Yangilangan Konstitutsiyada joylarda voqelik, atrof-muhitni muhofaza qilish tamoyillari o‘z ifodasini topgani amalga oshirilayotgan islohotlarning inson ehtiyojlarini qondirish, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilganini yaqqol namoyon etadi”, dedi u.

Germaniyaning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi maslahatchisi Markus Koll Konstitutsiyani yangilashda O‘zbekiston tomonidan qo‘llanilayotgan yondoshuv islohotlarning inklyuziv va keng qamrovliligini taʼminlash, davlat oldida turgan vazifalarni samarali hal etishning yorqin namunasi ekanini taʼkidladi. U konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tamoyilini, yaʼni «Asosiy qonunga kiritilgan barcha o‘zgartishlarning yagona muallifi xalq bo‘lishi kerak», degan tamoyilni qo‘llab-quvvatladi.

«Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati O‘zbekistonda inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanamiz», dedi Germaniya vakili.

Markus Koll ayni damda Germaniya delegatsiyasi ikki tomonlama maslahatlashuvlar uchun Toshkentda ekanini maʼlum qilar ekan, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi doirasida o‘zaro hamkorlik yana-da chuqurlashishiga umid bildirdi.

Janubiy Afrika Respublikasining doimiy vakili o‘rinbosari Xolisa Mabongo konstitutsiyaviy islohot har bir davlat uchun tarixiy voqea bo‘lib, jamiyat manfaatlariga javob beradigan yangi qadriyatlar va tamoyillarni hisobga olgan holda mamlakatning yangilanishini anglatadi.

U O‘zbekistondagi rivojlangan demokratik mamlakatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va o‘zlashtirishga bo‘lgan sodiqlikni olqishladi. Uning aytishicha, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning eng yaxshi konstitutsiyaviy asoslarini hisobga olgan holda o‘zining Asosiy qonunini yangilagan Janubiy Afrika misolida bu yo‘l naqadar dolzarb va to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatgan.

Janubiy Afrika vakili inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyasini kafolatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarishlarni olqishladi.

Singapur doimiy vakilining o‘rinbosari Mark Seax O‘zbekistonning xalq manfaatlarini hisobga olgan holda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini ijobiy, deb taʼkidladi. Shuningdek, u barcha mamlakatlar uchun Konstitutsiyaning yagona modeli yo‘q degan, fikrni qo‘llab-quvvatladi. «Har bir mamlakatda odamlar hayotini yaxshilash, ularning farovonligini oshirish hamda milliy va global barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning o‘ziga xos usullari mavjud» dedi u.

Yaponiyaning BMTdagi missiyasi eksperti Shinichi Mitsuta konstitutsiyaviy islohot keng jamoatchilik ishtirokida amalga oshirilayotganini olqishladi. Ekspert taʼkidlaganidek, Yaponiyada qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy tuzumni taʼminlash masalalariga ustuvor ahamiyat beriladi. Bu borada Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonga huquqshunoslar va adliya xodimlari malakasini oshirishda yordam bermoqda. Yaponiyaning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni jadallashtirishda mintaqa davlatlarini yana-da qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi tasdiqlandi.

Davra suhbati intihosida ishtirokchilar har bir davlat hayotida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan muhim voqealar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish bo‘yicha ushbu amaliyotni davom ettirish muhimligini taʼkidladilar. Ularning fikricha, bu milliy rivojlanish ustuvorliklarini tushunish va ularning BMT imperativlariga muvofiqligi darajasini oshirishga ko‘maklashadi. Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartishlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibi maqsadlari bilan uyg‘unligi tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotla...

Xitoyning “Kitay” va «Silk Road Review» jurnallarida «Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi ...

Turkiyadagi vatandosh: Har bir O‘zbekist...

Istanbuldagi “Yeni yuz yil” universitetida tahsil olayotgan yurtdoshimiz Azizbek Olimov “...

Istanbulda O‘zbekistonda amalga oshirila...

Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan Turkiya ommaviy axborot vositalari, fuqarolik ja...

So`nggi yangiliklar