Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Aprel/2021   Dolzarb

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi


TOShKENT, 11 aprel. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 dekabrdagi “O‘zbekistonning BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi va BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorining ijrosi doirasida Toshkent shahrida O‘zbekiston va FAO o‘rtasida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat hadli dasturining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbirda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, BMT bo‘linmalari, FAO Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, turli xalqaro tashkilotlar vakillari hamda O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi rahbariyati onlayn va offlayn shakllarda qatnashdi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev, o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Olim Hakimov, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hamda FAOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov O‘zbekiston va FAO o‘rtasida imzolangan 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat hadli dasturi va ushbu tashkilot bilan hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Ma’lumot uchun qayd etish joiz, 2001 yil 2 noyabr kuni O‘zbekiston FAO a’zoligiga qabul qilingan bo‘lib, 2014 yilda Toshkent shahrida FAOning vakolatxonasi ochilgan.

Mamlakatimizning Rimdagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va FAO o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlari Mamlakat hadli dasturlari orqali amalga oshiriladi. Bugungi kunda FAO tomonidan O‘zbekistonda umumiy qiymati 6 million dollardan ziyod 12 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Xususan, tasdiqlangan Mamlakat hadli dasturi O‘zbekistonning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari hamkorlik dasturi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy maqsad va vazifalari O‘zbekistonning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishga amaliy yordam berishi ta’kidlandi. Ushbu dastur doirasida umumiy qiymati 17 million dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

J.Xodjayev O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasida Bosh kotib Antonio Gutterishning 2021 yilda Butunjahon oziq-ovqat sammitini o‘tkazish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi hamda bugungi kunda O‘zbekiston ushbu tadbirda faol ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish va FAOning Yevropa uchun 32-Mintaqaviy konferensiyasida O‘zbekiston raisligini muvaffaqiyatli amalga oshirishda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonalarining roli muhim ekanligi aytildi.

Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 15 dekabrdagi qarori bilan FAO, QXRXJ va BOOD huzurida respublikaning Doimiy vakolatxonasi faoliyat yuritishi mazkur tashkilotlarda mamlakat o‘rnini mustahkamlash va tub manfaatlarini ilgari surishda ahamiyatli ekani ta’kidlandi.

Mazkur hujjat qabul qilinishi bilan birga, O‘zbekiston va FAO o‘rtasida umumiy qiymati 1 million dollarga yaqin kartoshkachilik sohasini rivojlantirish, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish kabi qator loyihalar amalga oshirilishi bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Joriy yilda FAO ishtirokida Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi vazirlarining virtual uchrashuvlar formati koronavirus pandemiyasi davrida mintaqada oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Mamlakat hadli dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirishda xalqaro donor tashkilotlar va hamkorlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Jahon banki, YeTTB, OTB, ITB, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Global ekologik jamg‘arma, Adaptatsiya va Yashil iqlim jamg‘armasi hamda Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Finlyandiya va Rossiya bilan hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev: xalqimizning olijano...

Shavkat Mirziyoyev: xalqimizning olijanob fazilatlari bugun yanada kuchliroq jo‘sh urmoqda...

O‘zbekistonlik diplomatlar Qashqadaryo v...

Bugun Qashqadaryo viloyati hokimligining taklifiga binoan O‘zbekistonning xorijdagi diplom...

Loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha k...

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz hayotining qator sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar...

So`nggi yangiliklar