27/Mart/2023 Ekologiya
SHANXAY, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Shanxayning ommabop «Peng Pai» elektron nashrida «Orol dengizi yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda» sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda taʼkidlanishicha, 22-24 mart kunlari BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Suv masalalari bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tgan. «O‘zbekiston delegatsiyasi anjuman ishtirokchilari eʼtiborini Orol dengizi inqiroziga qaratdi», deb yozadi gazeta.
O‘zbekiston vakili Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida Orolbo‘yidagi Mo‘ynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar bo‘lgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning o‘lik qirg‘oqlari kemalar qabristoniga aylanganini taʼkidladi. U, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mintaqadagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilganini, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasini tiklashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston 14 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratganini urg‘uladi.
Saida Mirziyoyeva xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistonning global suv muammolari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish borasidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi.
«Peng Pai» nashrining taʼkidlashicha, 2018 yilda BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tashkil etilgan. 2021 yil may oyida esa O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” deb eʼlon qilish to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya qabul qilgan.
«Peng Pai Xīnwén» (The Paper, 澎湃新闻) – «Shanghai United Media Group»ga qarashli xitoy tilida faoliyat yurituvchi nashr hisoblanadi. 2014 yilning iyul oyidan boshlab Internet foydalanuvchilar sonining ortib borayotgani bois ushbu gazeta elektron shaklda chop etilmoqda.