Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/Fevral/2021   Sanalar

Bobur jahon tarixida kuchli madaniy almashinuvlarni boshlab berdi. Bu uchun tarix va ajdodlar undan alohida minnatdor bo‘lishi kerak


TOSHKENT, 15-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Milliy gvardiya Harbiy texnika instituti tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Bobur xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda «Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va merosini o‘rganish dunyo talqinida» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn-konferensiyasi o‘tkazildi.

Anjumanda Fransiya, Turkiya, Rossiya, Hindiston va mamlakatimizning yetakchi ilmiy markazlarining taniqli boburshunos olimlari maʼruzalar bilan ishtirok etdi.

 Hindistonning ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo'mitasidagi doimiy vakili  Bxargav Mitra tabrik so‘zi bilan murojaat qildi.

Konferensiya ishtirokchilari Bobur hayoti, harbiy jang usullari va uning ilmiy-maʼrifiy merosini o‘rganish va tadqiq etish yuzasidan fikr almashildi.

Fransiya, Turkiya, Hindiston, Rossiya va Ozarbayjonda Bobur hayoti va faoliyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish, ushbu mavzuda olib borilayotgan tadqiqot ishlari xususida so‘z yuritildi.

 Shuningdek, Hindiston va Yevropaning qator jahonga mashhur muzeylarida Bobur va boburiylarga oid saqlanayotgan moddiy ashyolar, yirik qo‘lyozma manbalarining tadqiqi bo‘yicha maʼruzalar tinglandi.

Yannik Lins, Luvr muzeyi Islom sanʼati departamenti direktori:

- Yirik davlat arbobi va sarkarda, tarixiy shaxs Zahiriddin Muhammad Bobur haqida fikr-mulohaza bildirishdan mamnunman.

Uning hayoti va faoliyatida 15-asr oxiri va 16-asrning boshlanish yillari muhim o‘rin tutadi. Bu davr Markaziy Osiyo tarixida yangi davr va  Bobur faoliyatining boshlang‘ich nuqtasidir.

Bobur bir necha yillik kurashlardan so‘ng, ota-bobolari davlatini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.  U dastlab Qobulda mustaqil hokimiyat barpo etdi. Garchi Samarqandni qo‘ldan chiqarib, O‘zbekiston hududida keng ko‘lamli shuhrat qozona olmagan bo‘lsada, u  Kobulda kuchli hokimiyat o‘rnata oldi.

Shundan so‘ng o‘z mavqeini yana-da mustahkamlash maqsadida, Hindistonni, xususan Panjobni qo‘lga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. Bu janglar Bobur uchun tarixning boshlanishi edi. Darhaqiqat, Bobur Hindistonda sulolaning ilk hukmdori bo‘ldi. Uning hukmronligi davrida Hindistonda  amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini Islom sanʼati va madaniyatining oltin asriga qiyoslash mumkin.

Bobur, shuningdek, keng ommaga “Boburnoma” shoh asari bilan ham mashhur. “Boburnoma” jahon tarixida katta mavqega ega meʼmuar hisoblanadi. U rasmiy tarixiy manba hamdir.

Men “Boburnoma”ni mutolaa qilib, nafaqat Bobur hayoti va ijodi haqida to‘liq maʼlumotga ega bo‘lganman, balki madaniyat, tarix, geografiya, astranomiya, hayvonat va o‘simlik olamining muhim jihatlarini bilib olganman. Ushbu  shoh asar Bobur vafotidan so‘ng Hindiston, Eron, Turkiya va boshqa davlatlarda ko‘p marotaba chop etilgan.

Luvr muzeyi to‘plamlarida 16-asrga oid bo‘lgan “Boburnoma”dagi voqealar aks ettirilgan miniatyuralar mavjud. Masalan, ushbu suratlarda Farg‘onadagi janglar, Samarqandni egallash orzusi va Kobul tomon yurishlar tasvirlangan.

Frederik Bressan, Fransiya Temuriylar sanʼati va tarixini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti:

— Biz Amir Temur va uning avlodlari — Mirzo Ulug‘bek va Boburni buyuk sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida juda yaxshi bilamiz.   Xususan, Bobur hukmronlik qilgan hududlarda ilm-maʼrifat rivojlandi. U Shimoliy Hindistonda kuchli saltanatga asos soldi. Bundan tashqari, u buyuk shoir va tarixnavis sifatida o‘zidan sara  asarlar qoldirdi. 

Bobur temuriylardan bo‘lgan shoh. U otasining o‘limidan so‘ng  Farg‘ona hokimi bo‘ldi. Bu payt temuriylar imperiyasining tanazzulga uchragan davri edi. Hirot esa temuriylar imperiyasining o‘sha paytdagi poytaxti edi.  Bu davrda Hirotda Amir Husayin (Husayn Boyqaro) boshchiligida ilm-fan, rivojlandi. 

Bobur nafaqat kuchli qo‘mondon va davlat arbobi u shu bilan birga buyuk yozuvchi va madaniyat arbobi hamdir. U temuriylar sulolasi vakillari ichida Osiyo mintaqasida  fan va madaniyatni rivojlantirishga eng katta hissa qo‘shdi. Aynan u tufayli temuriylar sulolasining madaniy merosi boshqa o‘lkalarga keng tarqaldi.

Bobur Hindistonga yangi madaniyatni olib keldi va kuchli madaniy almashinuvlarni boshlashga turtki berdi. Bu uchun tarix va ajdodlar Boburdan  alohida minnatdor bo‘lishi kerak.

Men «Temurdan Boburgacha» dasturini tuzib, ikki sarkarda humkronlik qilgan shaharlarni kezib chiqdim. Sayohat chog‘ida bir narsaga amin bo‘ldimki, Bobur va uning avlodlari, shu jumladan, Shohjahon ham temuriylar sulolasiga mansub bo‘lgan meʼmoriy anʼanalarni o‘zi qurdirgan inshootlarda mujassam etgan. Bu anʼanani  Amir Temur maqbarasidan Toj Mahalgacha bo‘lgan ko‘plab inshootlarda ko‘rish mumkin.

Konferensiya  yakunida ishtirokchilar Zahiriddin Muhammad Boburning harbiy sarkarda sifatidagi faoliyati va jang sanʼatiga oid merosini o‘rganishga doir tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va  O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan faol aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan ilmiy loyihalarni  amalga oshirishga kelishib oldi.

Jobir Xo‘jaqulov

Mavzuga oid

Tug‘luq Temurxon bilan uchrashganimdan s...

1336 yil 9 aprel kuni yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat as...

Davlat xizmatlari agentligi 3 yoshda: ah...

Davlat xizmatlari agentligi 3 yoshda: aholi yengillik sezdimi?

So`nggi yangiliklar