27/Yanvar/2023 Ta'lim
BOKU, 27-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasining ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan faoliyati doirasida Ozarbayjon Milli Mejlisi bilan hamkorlikda O‘zbekiston - Ozarbayjon do‘stlik jamiyatining navbatdagi yig‘ilishi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bundan ko‘zlangan maqsad ushbu jamiyatning 20 yillik yubiley sanasini tantanali nishonlash hamda uning yangi hayʼat aʼzolarini tayinlash bilan izohlanadi.
Tadbirda Ozarbayjon Milliy Mejlisi deputatlari, yuqori martabali ilm-fan va madaniy jabha hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni ochar ekan, Ozarbayjon Milliy Mejlisi deputati, Ozarbayjon va O‘zbekiston parlamentlararo aloqalari ishchi guruhining raisi va “O‘zbekiston-Ozarbayjon” do‘stlik jamiyati hamraisi E.Ibragimov quyidagi fikrlarini bayon etdi:
“Ozarbayjon va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Asrlar davomida xalqlarimizni bir-biriga bog‘lab kelgan do‘stona aloqalar shundan iboratki, bizning urf-odatlarimiz va madaniyatimiz bir xil ildizlarga ega. Do‘stlik jamiyatini yaratishdan maqsad Ozarbayjon va O‘zbekistonning mustaqillik davridagi do‘stlik aloqalarini hamda milliy anʼanalarni rivojlantirishdir”.
So‘ngra so‘zga chiqqan do‘stlik jamiyati hamraisi, mamlakatimiz elchisi B.Ashrafxanov 2022 yil Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabatlari solnomasidan o‘rin olgan yorqin voqealarga boy bo‘lganini qayd etar ekan, Ozarbayjon Prezidenti O‘zbekistonga uch marotaba tashrif buyurganini taʼkidladi.
- Ishonchimiz komilki, 2023 yilda ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning rivojlanish dinamikasi o‘tgan yilgidek samarali bo‘ladi, – dedi u.
Shu bilan birga, tadbirda Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi akademigi, Ozarbayjon tillar universiteti rektori K.Abdulla hamda Ozarbayjon va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmalari aʼzosi, navoiyshunos olim A.Azalpning ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin qardoshlik aloqalari, ular barcha jabhalarda tobora ravnaq topayotganiga oid fikr-mulohazalari tinglandi.
Anjuman yakunida jamiyatning hayʼat aʼzolari 2023 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.