26/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
NOVOSIBIRSK, 26-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi tomonidan joriy yil 30 aprel kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan muhim siyosiy tadbir – umumxalq referendumiga bag‘ishlangan on-line targ‘ibot-tashviqot tadbiri o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda hududda faoliyat ko‘rsatadigan o‘zbek diaspora tashkilotlari rahbarlari, faol vatandoshlar, professor-o‘qituvchilar, tadbirkor va ishbilarmonlar vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohot O‘zbekistonning kelgusida ham barqaror taraqqiy etishiga, xalqimiz farovonligi yuksalishi, yurtimizning yana-da obod bo‘lishi va Vatanimizning dunyodagi obro‘-eʼtibori yana-da ortishiga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Muloqotda, shuningdek, Zabaykal va Krasnoyarsk o‘lkalari, Omsk, Tomsk hamda Kemerovo viloyatlaridagi o‘zbek jamoat birlashmalari rahbarlari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, Zabaykal o‘lkasi “O‘zbekiston xalqi kengashi” xududlararo jamoat birlashmasi rahbari, Zabaykal davlat gumanitar-pedagogika universiteti professor-o‘qituvchisi Toxir Madiyorov mamlakatimizdagi islohotlar, O‘zbekistonning xorijdagi vatandoshlar hamda mehnat migrantlari huquq-manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi faol saʼy-harakatlari o‘z natijasini berayotganligini qayd etdi.
Tadbir yakunida barcha vatandoshlar joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirildi.