21/May/2022 Madaniyat
BUXORO, 21-may. /“Dunyo” AA/. Bugun tongda Buxoro shahrida birinchi Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali anjuman ishtirokchilarining bayramona yurishi bilan boshlandi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Zamira Azizxonova voqea joyidan.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – serqirra o‘zbek milliy hunarmandchiligini xalqaro ko‘lamda yana-da kengroq namoyish etish, uning betakror namunalarini targ‘ib qilish, mazkur yo‘nalishda ishbilarmonlar o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
25 mayga qadar davom etadigan festivalda respublikamizning barcha viloyatlaridan 288 nafar hunarmand ishtirok etmoqda. Ulardan 110 nafari zargar, 37 nafari zardo‘zlik ustasi, 44 nafari kashtachi, 97 nafari hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlari vakillaridir.
Festivalga dunyoning 58 davlatidan ishtirokchilar tashrif buyurgan. Forum davomida 112 nafar xorijlik hunarmand o‘z mahoratini ko‘rgazmali tarzda namoyish etadi.