Uz / Ўз Ru En

Toshkent

11/Fevral/2020   Buxoro - Islom olami madaniyati poytaxti

Buxoro - qadimgi dunyo va o‘rta asrlar solnomalarida

TOShKENT, 11 fevral. /“Dunyo” AA/. Jahon ilm-fani va sivilizasiyasiga munosib hissa qo‘shgan shaharlarimiz orasida Buxoro alohida o‘rin tutadi. Qariyb uch ming yillik tarixga ega bu maskan haqida turli davrlarda ko‘plab ma'lumotlar yozilgan.


Shahar Zarafshon daryosining quyi oqimida, uning irmoqlaridan biri - Shahrud (shahar ichidagi daryo) kanali bo‘ylab joylashgan bo‘lib, azal-azaldan mintaqa siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynagan. Tadqiqotchilar Buxoroni mintaqani tarixiy va madaniy birlashtirgan G‘arbiy yoki Buxoro so‘g‘diylari manzili, deb atagan. 

Manbalarda Buxoro shahri bilan bog‘liq turli afsona va ma'lumotlar uchraydi. Shahar nomi eramizdan avvalgi davr haqida ma'lumot beradigan manbalarda bir necha nomda uchraydi. Arxeologik ma'lumotlarga ko‘ra, Buxoroga miloddan avvalgi I ming yillik o‘rtalarida asos solingan. Ilk O‘rta asrlarda Xitoy manbalarida An, Ansi, Ango, Buxo, Buku, Buxe, Buxaer, Buxuaer, Buxala, Buxuala, Fuxo, Puxuala va boshqa nomlar bilan atalgan. Bu atamalardan avvalgi uchtasi Buxoroning xitoycha nomlari bo‘lib, qolgani “Buxoro” so‘zining xitoy tilidagi talaffuzidir. O‘rta asr arab manbalarida esa Buxoro Numijkat, Navmichkat, Bumichkat (Yangi qo‘rg‘on), Al-madina as-sufriyya (Mis shahar), Madinat at-tujjor (Savdogarlar shahri), Foxira (Faxrli shahar) kabi nomlar bilan tilga olingan. 

Miloddan avval bu mintaqadagi kichik shaharlarni birlashtirib turgan Numijkat (oldingi Buxoro) katta mavqega ega bo‘lgan.  Numijkat mamlakat poytaxti sifatida e'tirof etilgan. “Buxoro” atamasi sanskritcha “vixora” so‘zi –  “buxor” (“ibodatxona”) dan kelib chiqqan, degan farazlar ham bor. Keyingi tadqiqotlarda bu atama so‘g‘diycha “bug‘” yoki “bag” (tangri) hamda “oro” (“jamol”) so‘zlaridan iborat degan fikr ilgari surilgan.

VIII asr boshlarida esa Buxoroga islom dini kirib kelishi bilan u sharif shaharga – islom olamining mashhur manzillaridan biriga aylandi.

Olimlar «Buxoro» atamasini sanskritcha budda ma'budini anglatuvchi «vixara» so‘zi bilan bog‘lashadi. «Buxoro» - «vixara» so‘zining turkcha talqini bo‘lib, dastlab Buxoro viloyati Romitan tumani markazida joylashgan qadimiy Romitanning ikkinchi nomi edi. O‘sha paytda Numijkat vayronaga aylangani sababli milodiy VI–VII asrlar o‘rtalaridan boshlab yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida Romitan vohaning poytaxti bo‘ldi. Mahalliy hukmdor Buxorxudot Bidun Ark qal'asini qayta tiklab, o‘z qarorgohini Numijkatga o‘tkazdi. O‘sha vaqtdan boshlab bu shahar Buxoro deb nomlana boshlangan. Numijkat esa asta-sekin unutila boshlangan.

Ilk O‘rta asr boshlarida Xitoy solnomalarida qayd etilganidek, 40 ga yaqin yirik shahar va mingta ishonchli qal'a Buxoro mulkida bo‘lgan. Vohaning poytaxti besh qavat devor va daryo bilan o‘ralgan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti xodimlari Ark va qadimiy Shahristonda olib borgan ko‘p yillik izlanishlari natijasida shahar tarixi miloddan avvalgi birinchi ming yillik o‘rtalariga to‘g‘ri keladi, degan xulosani bildirgan. Shunga asosan, Buxoro tarix sahnida 2500 yil oldin paydo bo‘lgan, degan yakdil fikrga kelindi va 1997 yilda Buxoroning 2500 yilligi xalqaro miqyosda katta tantana qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Islom hamkorlik tashkilotining  Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tuzilmasi - ISESCO 2020 yil Buxoro shahrini Islom olami madaniyati poytaxti, deb e'lon qildi.

Mavzuga oid

Madaniyat vazirligida ISESCO delegatsiya...

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida mamlakatimizda bo‘lib turgan ISESCO delega...

Buxoro - islom olami madaniyati poytaxti...

Buxoro – jahonning eng qadimiy va tarixiy-me'moriy obidalarga boy go‘zal shaharlaridan bir...

Mir Arab madrasasi - asrlar sinovidan o‘...

Yurtimiz azaldan islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri bo‘lgan.

So`nggi yangiliklar