Uz / Ўз Ru En

Toshkent

03/Mart/2021   Qonunchilik

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunda qanday yangi normalar belgilanyapti?


TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri

Parlament qo‘yi palatasi maʼlum qilishicha, qonun loyihasida shu kungacha ko‘pchilikni qiziqtirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yurtimizdagi asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, shuningdek, siyosiy boshpana berish masalalari aniq normalarda aks ettirilmoqda.

Bugungi kunda bu sohada qonun darajasiga ega bo‘lmagan 25 dan ortiq tartibga soluvchi hujjat mavjud bo‘lib, bularning hammasi yaxlit qonunda o‘z aksini topmoqda.

Har qanday chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs biror bir davlatga sarmoya kiritish, turizm, mehnat faoliyatini yuritish, taʼlim olish yoki boshqa maqsadlarda bormoqchi bo‘lsa, o‘zining o‘sha yurtda qonun bilan belgilangan huquqlari, erkinliklari va majburiyatlarini bilishni istaydi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yurtimizdagi huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yagona hujjatdan bilib olish imkoniyatini yaratadi.

Loyihada O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasi hamda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish (undan chiqish) va uning hududida bo‘lish huquqini beruvchi harakatlanish hujjatlari tushunchalari kiritilmoqda.

Taklif etilayotgan ushbu hujjatda 1966 yil 16 dekabrda qabul qilingan «Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida»gi Xalqaro paktning va 1961 yil 14 apreldagi «Diplomatik aloqalar to‘g‘risida»gi Vena Konvensiyasining qoidalari hisobga olingan.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning xalqaro hujjatlar bilan belgilangan asosiy huquq va erkinliklari milliy qonunchilikda o‘z ifodasini topishi natijasida, yurtimizga xorijdan yuqori malakali mutaxassislarning, investorlarning hamda sayyohlarning oqimi ortishiga zamin yaratadi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonda madaniy faoliyat sohasida ...

O‘zbekiston Prezidenti «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonunn...

Milliy preventiv mexanizmni rivojlantir...

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «Milliy preventiv mexanizm do...

Toshkent shahrini 2041-yilgacha rivojlan...

Prezidentning “Toshkent shahrini 2041-yilgacha rivojlantirish bosh reja loyihasini ishlab ...

So`nggi yangiliklar