28/Iyul/2021 Ekologiya
TOSHKЕNT, 28 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasida qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev mamlakatimizga amaliy safar bilan kelgan Koreya Respublikasi Milliy soliq xizmati komissari Kim Daeji bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Koreya Respublikasi delegatsiyasi tarkibidan xalqaro soliq solish masalalari, komplayens-nazorat va xalqaro shartnomalarni tartibga solish bo‘yicha yetakchi ekspertlar o‘rin olgan.
Uchrashuvda Covid-19 pandemiyasi davrida ikki mamlakat soliq idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar o‘z mamlakatlarida soliq sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari, xususan, soliq ma’muriyatiga raqamli texnologiyalar joriy etilgandan keyingi yutuqlar bilan tanishtirdilar. Ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro aloqalar, shuningdek mavjud tajribalarni hisobga olgan holda kelgusidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Axborot ta’minoti va kadrlar tayyorlash sohasi ham diqqat markazida bo‘ldi.
Koreya Respublikasi Milliy soliq xizmati rahbari Kim Daeji O‘zbekiston davlat soliq organlari erishgan yutuqlarni yuqori baholadi va sohada olib borilayotgan transformatsiya soliq ma’muriyatchiligini yanada optimallashtirishga va soliq to‘lovchilar ishonchini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz ekanligini ta’kidladi.
Tashrifi doirasida mehmonlarga Davlat soliq qo‘mitasi Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamentining yangilangan bo‘limlari, joriy yil oxirida tatbiq etilishi rejalashtirilgan mahalliy zamonaviy dasturiy ta’minot ishlanmalarining taqdimoti namoyish etildi.