Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Dekabr/2022   Prezident

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi

TOSHKENT, 1 dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.


Toshkent viloyatining tuprog‘i unumdor, suvi mo‘l. Bundan samarali foydalanilsa, hosildor bog‘ va tokzorlar barpo etish, intensiv sabzavotchilikni yo‘lga qo‘yish, odamlarning bandligini taʼminlash mumkin.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida shu borada qator vazifalar belgilangan. Xususan, Toshkent viloyatida 2023 yilda 9 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, 25 sotixdan aholiga beriladi. Bu 60 mingdan ortiq kishini ish bilan taʼminlash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan, mutaxassislar ishtirokida Toshkent viloyatida foydalanilmayotgan imkoniyatlar o‘rganildi va qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Yig‘ilishda ana shu takliflar haqida axborot berildi. Unga ko‘ra, viloyatda 62 ming gektar yerni foydalanishga kiritish hisob-kitob qilingan. Ularda yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish, suv kam talab qiladigan moyli, dukkakli va ozuqa ekinlari yetishtirish, chorva boqish mo‘ljallangan.

Shuningdek, Toshkent viloyatining har bir tumani meva-sabzavotchilik, kartoshkachilik, uzumchilik kabi muayyan tarmoqqa ixtisoslashtiriladi. Masalan, Ohangaron, Toshkent, Zangiota, Parkent, Yangiyo‘l, Qibray tumanlarida qariyb 5 ming gektarda intensiv usulda sabzavot yetishtirish, Bo‘stonliq, Yangiyo‘l, Ohangaron, Parkent, Bo‘ka, Bekobod, Chinoz, Oqqo‘rg‘on tumanlarida 1 ming 300 gektar yerni bog‘ qilish, Parkent, Qibray va Piskent tumanlarida 2 ming gektardan ziyod tokzor barpo etish mumkinligi aytildi. O‘rta Chirchiq, Toshkent va Bo‘stonliq tumanlarida “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etib, urug‘lik kartoshka yetishtirish mo‘ljallangan. Umuman, mazkur chora-tadbirlar natijasida 24 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz bu chora-tadbirlarni maʼqullab, ularni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

 

Mavzuga oid

Xitoy Raisi O‘zbekiston Prezidentini dip...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

O‘zbekiston Prezidenti Surxondaryo viloy...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar...

O‘zbekiston Prezidenti 17-18 avgust kunl...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni...

So`nggi yangiliklar