Uz / Ўз Ru En

Toshkent

06/Sentabr/2021   Mustaqillikka 30 yil

Dehli shahrida mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi


Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasida Hindistonning Javaharlal Neru universiteti huzuridagi Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini tadqiq qilish markazi bilan o‘zaro hamkorlikda O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston: 30 yillik tinchlik va taraqqiyot yo‘li” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.

Asosiy ma’ruzachilar elchixonada bo‘lishib, ushbu tadbirda ishtirok etdilar. O‘z navbatida, ko‘plab tinglovchi va qatnashchilar onlayn-platforma orqali anjumanda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldilar.

Davra suhbati ibtidosida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab maxsus tayyorlangan video lavha namoyish etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasining ochilish marosimida so‘zlagan nutqining hindi tilidagi matni chop etilgan alohida risola taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir ochilishida Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini tadqiq qilish markazi raisi Archana Upadxay tadbirning barcha ishtirokchilarini va do‘st O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan tabrikladi. Hind eksperti bugungi kunda O‘zbekiston rivojlanish jarayonining yangi bosqichida turganligini ta’kidlar ekan, mamlakat rahbariyati boshchiligida olib borilayotgan faol islohotlar samarasining guvohi bo‘layotganini aytdi. A.Upadxay fikricha, “bugungi kunda yangi O‘zbekiston va yangi Hindiston shakllanayotgan bir vaqtda tomonlar o‘zaro tajriba almashishi va o‘rganishi mumkin bo‘lgan qator sohalar mavjud. Bu boradagi salohiyatdan samarali foydalanish orqali ikki tomonlama aloqalar yaqin kelajakda sifat va son jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishi tabiiy”.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatovning ma’ruzasi ishtirokchilarga havola etildi. U O‘zbekistonning mustaqillikka erishish tarixi, mustaqil rivojlanish yo‘li va so‘nggi besh yil davomida mamlakatda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, pandemiya sharoitida respublika iqtisodiy salohiyatini oshirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Shuningdek, mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi. Siyosiy, ijtimoiy yo‘nalishdagi muhim voqealar, xususan, joriy yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik saylovlari haqida alohida so‘z yuritildi.

“Hindiston-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi, Hindiston xukumati sobiq vaziri, Toshkent shahrining fahriy fuqarosi Anil Shastri o‘z ma’ruzasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy-madaniy yaqinlikni alohida ta’kidlar ekan, buguni kundagi strategik sherikchilik aloqalarini yanada rivojlantirishda ham aynan Hindiston va O‘zbekiston xalqlari orasidagi madaniy rishtalarni faollashtirish muhim o‘rin tutishini bildirdi. U do‘stlik jamiyatining faoliyati orqali bu yo‘nalishning rivojiga hissa qo‘shishdan mamnun ekanligini ta’kidladi.

Anil Shastri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusi matni bilan yaqindan tanishib chiqqanligini qayd etgan holda, tadbir ishtirokchilari e’tiborini uning alohida jihatlariga qaratdi.

O‘z navbatida Hindiston davlat arbobi O‘zbekistonga amalga oshirgan har bir tashrifi davomida yangicha rivojlanish va o‘zgarishlarni kuzatganligi, ayniqsa so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonining xalq hayotida qanchalik ijobiy ahamiyat kasb etayotganligiga guvoh bo‘lganligini e’tirof etdi.

“Vivekananda xalqaro fondi” tadqiqot markazi eksperti, Hindistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Skand Tayal tadbirda o‘z ma’ruzasi bilan virtual shaklda ishtirok etdi.

“O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro maydonda o‘z o‘rni va hurmatiga ega bo‘lgan yetakchi mamlakatga aylanganligini, demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan siyosati, iqtisodiy salohiyati bilan Hindistonning Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkori” ekanligini ta’kidladi.

Skand Tayal joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasidagi ishtiroki xususida to‘xtalar ekan, ishtirokchilarga Toshkent konferensiyasining amaliy yakunlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Jumladan, hind eksperti konferensiya davomida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilganligi va tadbirning barcha ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligini e’tirof etdi.

Yuqoridagilar bilan birga, ushbu davra suhbatida Javaharlal Neru Universiteti huzuridagi Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarini tadqiq qilish markazi professori Sanjay Pandey, ushbu universitet huzuridagi Yevropa mamlakatlarini tadqiq qilish markazi raisi Gulshan Sachdeva, atoqli sayyoh-yozuvchi, “India-Central Asia Foundation” tadqiqot markazi a’zosi Sunita Dvivedi, “Vivekananda xalqaro fondi” tadqiqot markazi ilmiy xodimi Pravesh Gupta hamda boshqa qator tahlilchi va ekspertlarning chiqishlari ham tinglandi.

Mavzuga oid

Turkiyadan bayram tabrigi

Turkiyaning Egey universiteti (Izmirdagi) o‘zbek tili fani o‘qituvchisi, filologiya fanlar...

Tojikistonning Sug‘d viloyati O‘zbeklar ...

Sanoqli kunlardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 29 yilligi nishon...

Ozarbayjonda O‘zbek taomlari haftaligi o...

Mamlakatimiz Ozarbayjondagi elchixonasida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi m...

So`nggi yangiliklar