Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Iyul/2021   Dolzarb

Dehlida Toshkent konferensiyasi yakunlari va O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarining istiqbollari muhokama qilindi


DЕHLI, 29 iyul. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan Hindistonning «Ananta-Aspen» markazi va Global tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda «O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari: izchillik va uyg‘unlik» mavzusiga bag‘ishlangan vebinar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari bilan birgalikda 2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasi yakunlari va uning ahamiyati muhokama qilindi.
Onlayn-tadbirda Global tadqiqotlar instituti prezidenti, Hindistonning Qozog‘iston, Shvetsiya va Latviyadagi sobiq elchisi Ashok Sajjanxar, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabhat, O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bo‘lim boshlig‘i Alisher Qodirov ma’ruza bilan qatnashdilar.
«Zoom» platformasi orqali 130 nafardan ortiq hind eksperti, ishbilarmon doiralar va OAV vakillari tadbirda ishtirok etdi. Bundan tashqari, tadbir «Ananta-Aspen» markazining «Facebook»dagi sahifasi va «Youtube» kanali orqali jonli efirga uzatildi. 
Global tadqiqotlar instituti prezidenti Ashok Sajjanxar o‘z chiqishida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy aloqalar mavjud ekanligini qayd etar ekan, o‘zaro aloqalar savdo-sotiq munosabatlari, madaniy-ma’naviy rishtalarning rivojlanishida, xususan me’morchilik, adabiyot, musiqa va raqs san’ati kabi ko‘plab sohalarda chuqur aks etganini ta’kidladi.
Ashok Sajjanxar zamonaviy bosqichda Hindiston-O‘zbekiston aloqalarining ko‘lami kengayib borayotganligi xususida to‘xtalar ekan, uning zamirida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi mavjud samimiy va do‘stona munosabatlar hamda muntazam muloqotlar yotganligini qayd etdi. Shu o‘rinda u 2020 yil dekabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan «virtual sammit» ahamiyatiga alohida urg‘u berildi. Mazkur formatdagi muloqot ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi marta tashkil etilganligi tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.
Hind eksperti «Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda barcha sohalarda olib borilayotgan faol va keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonning nafaqat xorijiy sarmoyadorlar uchun jozibadorligi oshdi, balki u mintaqadagi muhim jarayonlarni hal qilishdagi asosiy va yetakchi davlatga aylandi», - dedi A.Sajjanxar.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabhat o‘zbek-hind munosabatlarining bugungi kundagi rivoji uchun muhim bo‘lgan to‘rt asosiy omilga to‘xtaldi.
Birinchidan, davlat rahbarlari o‘rtasida muntazam muloqotlarning yo‘lga qo‘yilganligi ikki tomonlama aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Ikkinchidan, oliy darajadagi muntazam muloqotlar natijasida qator sohalarda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochildi. Bunga oliy darajadagi tashriflar va “virtual sammit” doirasida imzolangan kelishuvlar mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. 
Uchinchidan, o‘zaro bog‘liqlik, ya’ni transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish va takomillashtirish ikki tomonlama aloqalar ko‘lamini kengaytirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
To‘rtinchidan, Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida shakllangan yaqin do‘stlik aloqalari ikki mamlakatning mintaqaviy va global muammolarga yechim topish doirasidagi faol hamkorligi uchun zamin yaratmoqda.
Manish Prabxat Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekistonga GSP+ benefitsiar mamlakat maqomini berilgani, uning Markaziy Osiyodagi ulkan iqtisodiy salohiyati va yirik iste’mol bozoriga ega ekanini ta’kidlar ekan, hindistonlik sarmoyadorlar va ishbilarmonlarni mavjud imkoniyatlardan faol foydalanishga da’vat etdi.
Hindiston elchisi o‘z ma’ruzasida ikki tomonlama aloqalar ko‘lamini kengaytirishda o‘zaro transport yo‘laklarini rivojlantirish muhim ekanligini alohida ta’kidlab, 2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi yakunlari tomonlar uchun amaliy ahamiyat kasb etganligiga e’tibor qaratdi. Hind diplomati «mavjud transport koridorlari va ular tarkibiga kiruvchi yirik loyihalar, xususan Eronning «Chabaxar» portidan birgalikda keng foydalanish nafaqat ikki tomonlama aloqalar, balki Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga ulkan amaliy hissa qo‘shishini» bildirdi. 
Tadbirda mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov tomonidan so‘nggi yillardagi O‘zbekiston-Hindiston aloqalari rivoji va o‘zaro hamkorlik istiqbollari, shuningdek, joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqalar davlatlari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus va takliflar xususida batafsil ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bo‘lim boshlig‘i Alisher Qodirov Toshkent konferensiyasida erishilgan asosiy natijalar xususida batafsil to‘xtalib, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari rivojidagi ulkan ahamiyatini ta’kidladi.
Konferensiya mintaqalararo munosabatlar rivojidagi to‘siqlarni hal qilish, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish, xususan, Afg‘onistondagi hozirgi vaziyatni barqarorlashtirishda tomonlar o‘rtasida fikr almashish uchun qulay va dolzarb platforma vazifasini o‘taganligi alohida e’tirof etildi. 
Vebinarda ishtirok etgan kuzatuvchi va yetakchi ekspertlar tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olganlari barobarida muhokama qilingan mavzular bo‘yicha o‘zlarining taklif va mulohazalarini ham  bildirdi.
Xususan, «Amiti» maktablar tarmog‘i vakili, «Amiti» ta’lim resurs markazi direktori Jyoti Arora ikki tomonlama munosabatlarda yoshlar o‘rtasidagi, ya’ni maktab o‘quvchilari orasida almashuvlar yo‘lga qo‘yilishi muhim ekanligini ta’kidladi. Bu borada u «Amiti» maktablar tarmog‘i o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari bilan madaniy va ta’lim almashuvlarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ma’lum qildi. 
«Tillotoma Foundation» tashkiloti ilmiy xodimi Mina Singx Roy O‘zbekiston va Hindiston hunarmandchiligi mahsulotlari onlayn ko‘rgazmasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. U mazkur sohada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga alohida e’tibor va imtiyozlar berish, mahsulotlarni sotib olish imkonini beruvchi doimiy platforma yaratilishi iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojiga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.

Mavzuga oid

Yangi turdagi COVID-19 koronavirusi pand...

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi turdagi COVID-19 koronavirusi tarqalishini pandem...

Termiz shahrida «Veneto» Italiya savdo u...

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi Termiz shahrida «Veneto» Italiya savdo uyining on...

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ko...

Toshkent shahar tuman hokimliklaridan birida ishlovchi mansabdor shaxs Navoiy viloyatida r...

So`nggi yangiliklar