08/Mart/2023 Hamkorlik
DEHLI, 8-mart. /“Dunyo” AA/. Dehli shahrida O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari masʼul xodimlari darajasida Afg‘oniston bo‘yicha «Hindiston-Markaziy Osiyo» shaklidagi Qo‘shma ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Jahon oziq-ovqat dasturining Kobuldagi vakillari ham onlayn shaklda ishtirok etdi.
Tomonlar Afg‘oniston suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat bildirdi va uning ichki ishlariga aralashmaslikni taʼkidlab, mamlakatda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka erishishni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Forum ishtirokchilari Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni barqarorlashtirishda jahon hamjamiyati saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish muhimligini urg‘uladi. Butun mintaqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, birinchi navbatda, mamlakatga gumanitar yordam yetkazish, afg‘on xalqiga uzoq davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozdan chiqishda amaliy ko‘mak berish masalasida xalqaro konsensus zarurligi qayd etildi. Bu masalada BMTning roli muhimligiga eʼtibor qaratildi.
Jahon oziq-ovqat dasturining Kobuldagi vakili Syao Vey Li O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Termiz shahrida tashkil etilgan Xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini eʼtirof etdi. «Bu, ayniqsa, 23 milliondan ortiq afg‘onistonliklar ochlikdan qiynalayotgan bugungi kunda o‘ta dolzarbdir», dedi u.
Afg‘onistonni mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalariga yana-da samaraliroq jalb etish bo‘yicha saʼy-harakatlarni faollashtirish kerak. Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda mintaqaning ushbu mamlakatda siyosiy va diplomatik faoliyatini davom ettirayotgan davlatlari muhim rol o‘ynayotgani taʼkidlandi.
Yig‘ilish ishtirokchilari terrorizm, ekstremizm, radikallashuv va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishining mintaqaga solayotgan tahdidlari, ushbu muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Qo‘shma ishchi guruhi yig‘ilishi ishtirokchilari tomonidan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.