Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Mart/2021   O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida

Devid Bisli: BOOD huzurida O‘zbekiston Doimiy vakilining tayinlanishi o‘zaro hamkorlik aloqalarini faollashtirish va mavjud salohiyatni amalga oshirishga katta turtki beradi

RIM, 26 mart. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi hamda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorligini kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarovning BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi (BOOD) huzurida O‘zbekistonning Doimiy vakili etib tayinlangani to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘ini BOOD ijrochi direktori Devid Bisliga rasmiy topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Italiyadagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, marosim videokonferensiya shaklida o‘tkazildi.

BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi 1961 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi yetakchi gumanitar tashkilot hisoblanadi. 197 davlat a’zo bo‘lgan mazkur dastur bugungi kunda 83 mamlakatda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Uning asosiy vazifalari ocharchilikka qarshi kurashish, tiklanishda ko‘mak berish, favqulodda vaziyatlarda aholiga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish va maxsus qutqaruv operatsiyalarini o‘tkazishdan iborat.

BOOD ijrochi direktoriga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda erishilgan yutuqlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston mintaqada qishloq xo‘jaligi rivojlangan yetakchi davlatlardan biri bo‘lib, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini nafaqat ichki bozorni ta’minlashga yo‘naltirayotgani, balki boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya, Xitoy, Yevropa va arab mamlakatlariga eksport qilayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarni assambleyaning navbatdagi sessiyasida asosiy mavzulardan biri sifatida belgilash va ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi Devid Bisli tomonidan yuqori baholandi.

Uchrashuvda Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga atroflicha to‘xtalib, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi orqali og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish masalasi BOOD bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi aytib o‘tildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 15 dekabrdagi qarori bilan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi va Butunjahon oziq-ovqat dasturi huzurida Respublikaning Doimiy vakili tayinlanishi hamkorlikni yanada kengaytirishda ahamiyatli ekani ta’kidlandi.

Devid Bisli, o‘z navbatida, jahonda koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish, jumladan, oziq-ovqat tanqisligining oldini olishda O‘zbekistonning hissasi va salohiyati yuqoriligini ijobiy baholadi.

“Biz O‘zbekiston Prezidentining mamlakat aholisi uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borayotgan izchil islohotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. BOOD huzurida Doimiy vakilning tayinlanishi o‘zaro hamkorlik aloqalarini faollashtirish va mavjud salohiyatni amalga oshirishda katta turtki bo‘ladi”, - dedi D.Bisli.

BOOD ijrochi direktori dunyodagi global muammolar haqida gapirar ekan, turli davlatlarda oziq-ovqat tanqisligi va yuzaga kelayotgan inqirozlarni bartaraf etishda bugungi kunda xalqaro hamjamiyatning birgalikda harakat qilishi muhimligini urg‘ulab, O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini faollashtirish hamda mamlakatning qishloq xo‘jaligi salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda amaliy yordam berishga tayyorligini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Mavzuga oid

Malayziya Saylov komissiyasi rahbariyati...

Bugun O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchisi Ravshan Usmonov Malayziya Saylov komissiyas...

SHHT Xalq diplomatiyasi markazi va “Hind...

Mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasi ko‘magida SHHT Xalq diplomatiyasi markazi va...

Xitoy eksperti: O‘zbekiston mintaqaviy h...

O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasida mamlakatimiz diplom...

So`nggi yangiliklar