Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/Noyabr/2020   Jamiyat

Diniy bag‘rikenglikni taʼminlashda Markaziy Osiyo xalqlarining tarixiy qadriyatlari ahamiyatiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi


TOSHKENT, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida «Diniy bag‘rikenglikni taʼminlashda Markaziy Osiyo davlatlarining tarixiy qadriyatlarini o‘rganish va targ‘ib qilish masalalari» mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Konferensiyada AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti mutaxassislari, AQSHning Brigam Yang universiteti hamda mintaqa davlatlarida diniy-maʼrifiy sohada faoliyat olib borayotgan islomshunos, dinshunos olimlar, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va respublikamizda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash borasida Markaziy Osiyo davlatlarida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganishdan iborat.

Anjumanda ushbu sohada mavjud muammolarni aniqlash, istiqbolda belgilangan vazifalarni tahlil qilish va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Zero, mintaqaning taraqqiy etishi avvalambor hududda joylashgan davlatlarda barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitining saqlanishiga bog‘liq.

Hozirgi globallashuv jarayonida diniy bag‘rikenglik muammosi jahon hamjamiyati davlatlari uchun g‘oyat dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. 1995 yil 16 noyabrda BMTning Fan, taʼlim va madaniyat bo‘yicha ixtisoslashgan tashkiloti YUNESKO tomonidan Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasining qabul qilinishi buning yorqin dalilidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida «Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortdi. Mazkur hujjat ko‘p o‘tmay BMTning 73-sessiyasida aʼzo davlatlar tomonidan yakdillikda qabul qilindi va 50 dan ortiq mamlakat bu rezolyutsiyaga hammuallif bo‘lish istagini bildirdi. 

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo mintaqasining markazida joylashgan O‘zbekistondagi barqarorlikni hamda davlat va jamiyat taraqqiyotini mamlakatda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elatning o‘zaro totuvligisiz, rasman ro‘yxatdan o‘tgan 16 diniy konfessiya vakillari o‘rtasida bag‘rikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi aynan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash masalasiga bag‘ishlangani mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Konferensiya ishtirokchilari taʼkidlashicha, diniy bag‘rikenglik hamisha diniy adovatga qarshi o‘ziga xos qalqon vazifasini o‘tagan. U turli eʼtiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud bo‘lishi, ular o‘rtasidagi hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishi bilan bevosita bog‘liq. Bu o‘z navbatida yurt tinchligi, taraqqiyoti va umuminsoniy madaniyat rivojiga xizmat qilgan.

Mavzuga oid

Ozarbayjondan munosabat: O‘zbekiston – I...

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Allohshukur Poshozoda O‘zbekistonda muqadd...

10 noyabr – Butunjahon tinchlik va taraq...

Bugun – Butunjahon tinchlik va taraqqiyot uchun ilm-fan kuni.

Umra tadbirini tashkil etish yuzasidan r...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘z...

So`nggi yangiliklar