Uz / Ўз Ru En

Toshkent

15/May/2021   Siyosat

Dominika O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 137-mamlakat bo‘ldi


TOSHKENT, 15-may. /“Dunyo” AA/. Kecha Nyu-Yorkda O‘zbekiston va Dominika Hamdo‘stligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjat O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov va Dominikaning BMTdagi doimiy vakili, elchi Lorin Bannis-Roberts tomonidan imzolandi.

Dominika Hamdo‘stligi Karib dengizining sharqida joylashgan orol davlatdir. Mamlakat maydoni 751 kvadrat kilometrdan iborat. Aholi soni  70 ming kishini tashkil etadi. Dominika BMT, Millatlar Hamdo‘stligi, Karib Hamjamiyati (CARICOM), Karib umumiy bozori  va Sharqiy Karib davlatlari tashkiloti aʼzosi hisoblanadi.

Suhbat chog‘ida Dominika elchisiga O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, so‘nggi yillarda respublika hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida so‘zlab berildi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan, COVID-19 pandemiyasi davrida jahon hamjamiyatining iqtisodiy tiklanish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi saʼy-harakatlarini mustahkamlash, kambag‘allikka qarshi kurashish, shuningdek, mintaqaviy rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan muhim xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati taʼkidlandi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tuzilmasi doirasida birgalikdagi ishlarni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi. O‘zbekiston va Dominika Hamdo‘stligi o‘rtasidagi hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni muntazam davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Dominika Hamdo‘stligi O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 137-mamlakatga aylandi.

Eslatib o‘tamiz,  joriy yil 3 fevral kuni O‘zbekiston San-Marino bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan edi.

Mavzuga oid

Aholining dori vositalari, tibbiy buyuml...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi va P...

Yangi yil bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xoriji...

So`nggi yangiliklar