04/Dekabr/2022 Jamiyat
DUBAY, 4-dekabr. /”Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasining Dubaydagi Bosh konsulxonasida Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy markazi direktori Nodira Karimova va Amirlik xududida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlar ishtrokida O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinganining 30 yilligi mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasining Dubaydagi Bosh konsuli Alisher Salomov ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklar ekan, Konstitutsiya Vatanimiz tinchligi va farovonligining huquqiy kafolati hamda poydevori ekanligini qayd etdi. U Bosh qomusimizga umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq meʼyorlari, rivojlangan xorijiy davlatlarning huquqiy amaliyoti hamda o‘zbek davlat tarixchiligi anʼanalari, ko‘p asrlik milliy urf-odatlarimiz, buyuk ajdodlarimizning tarixiy tajribalari va insonparvarlik g‘oyalari singdirilganligini alohida taʼkidladi. Shu o‘rinda Konstitutsiya mohiyatini har bir hamyurtimiz teran anglashi muhim ahamiyatga ega ekanligiga eʼtibor qaratildi.
Nodira Karimova so‘nggi yillar davomida yurtimizda olib borilayotgan huquqiy islohotlar haqidagi o‘z fikrlarini tadbir ishtirokchilari bilan o‘rtoqlashar ekan, gender masalasida diqqatga sazovor o‘zgarishlar ro‘y berayotgani xususida atroflicha to‘xtaldi.
Tadbir savol-javoblarga boy bo‘ldi.