27/Mart/2023 Konstitutsiyaviy islohotlar
DUBAY, 27-mart. /“Dunyo” AA/. «Synergy University Dubai» universiteti talabasi, hamyurtimiz Sevara Miщanskaya “Dunyo” AA uchun intervyusida O‘zbekiston amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning nechog‘li muhimligini taʼkidladi.
— O‘zbekiston Konstitutsiyasi - Asosiy qonun, ammo zamonaviy dunyo shiddat bilan o‘zgarib bormoqda, buning natijasida konstitutsiyaviy normalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarurati tug‘ilishi tabiiy.
Biz, talabalar, Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki bu bizning turmush darajamizni, shuningdek, taʼlim sifatini oshirish yo‘lidagi qadamimizdir.
Taʼlim sohasidagi islohotlar mamlakatimiz barqaror rivojlanishi va farovonligining markaziy bo‘g‘ini, deb hisoblayman. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi esa Vatanimiz kelajagiga bo‘lgan qiziqishimiz va masʼuliyatimiz natijasidir. Bizning faol ishtirokimiz bugungi va kelajak avlodlar uchun sarmoya kiritish barobarida davlat muvaffaqiyatining garovidir.
O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot globallashuv davrida innovatsiyalarga, madaniy merosni asrab-avaylashga sodiq millatning shakllanishiga xizmat qiladi.
Muhimi, taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan barcha tizimli va izchil islohotlarning bosh maqsadi barkamol shaxsni tarbiyalash, uning dunyoqarashini zamonaviy bilimlar asosida shakllantirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishdan iboratdir.