20/Avgust/2020 Jamiyat
«El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan Fransiya neft instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
TOSHKENT, 20-avgust. /«Dunyo» AA/. «El-yurt umidi» jamg‘armasida Fransiya neft instituti (Institut Français du pétrole) vakillari Kristina Travers va Maria Aguilera bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri jamg‘arma matbuot xizmati manbasiga tayanib.
Tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, xususan, Fransiyaga akademik tashriflarni tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Jamg‘arma direktori Adham Bekmurodov so‘nggi yillarda
O‘zbekiston-Fransiya ta’lim va fan sohasidagi hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Fransiya universitetlari bilan ta’lim sohasida uzoq muddatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, “IFP School”da magistratura, doktorantura va stajirovka dasturlari bo‘yicha jamg‘arma stipendiantlarini o‘qitish, malakasini oshirish tomonlar uchun ham muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha memorandum imzolandi.