Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Oktabr/2020   Siyosat

Elchi Mikola Doroshenko: O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish Ukraina uchun alohida ahamiyatga ega


TOSHKENT, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Toshkentda Ukrainaning yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko o‘z faoliyatini boshladi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Ko‘ksaroy” qarorgohida ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Ukraina diplomatik vakolatxonasi rahbari “Dunyo” axborot agentligi muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

- Elchi janoblari, suhbatimiz avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirganingiz bilan qutlashga ijozat bergaysiz. O‘zbekiston rahbari qabul chog‘ida so‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro aloqalar faollashayotganini taʼkidladi. Savdo hajmi o‘sib bormoqda, muhim iqtisodiy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun qaysi yo‘nalishlarni istiqbolli, deb qayd etgan bo‘lardingiz?

— Bugun Ukrainada Yevropa bilan integratsiyalashuv va mamlakat fuqarolari hayotini sifat jihatdan yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2014 yil Ukraina o‘z taraqqiyotining Yevropa yo‘nalishini belgilab oldi. Bir yil oldin Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar kiritdik. Biroq Yevropa yo‘nalishidagi harakatlarimiz Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni istisno qilmaydi. Ukraina Yevropa bilan integratsiyalashgan holda Osiyo mamlakatlari bilan nafaqat anʼanaviy siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni saqlab qolishga, balki o‘zaro munosabatlarning yangi, baʼzan to‘liq asimetrik shakllarini yaratishga intilmoqda.

Osiyo yo‘nalishining istiqbolli ekani Ukraina siyosiy hamjamiyatining eng yuqori pog‘onasida, mamlakat Prezidenti V.Zelenskiy va tashqi ishlar vaziri D.Kuleba tomonidan ham chuqur anglanishini taʼkidlamoqchiman. Joriy yil aprel oyida Ukraina tashqi ishlar vazirligida «Osiyo haftaligi» bo‘lib o‘tdi. Uning natijalari sarhisobi chog‘ida vazir D.Kuleba quyidagilarni taʼkidladi: «Ukrainaning Osiyodagi pragmatik, barqaror, ko‘p qirrali diplomatiyasi mamlakatimizning koronavirusdan keyingi dunyoda mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategiyamizning ajralmas qismidir». Men ushbu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Osiyo, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni rivojlantirish Ukraina tashqi siyosatining bugungi bosqichida ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi kerak. “Osiyo haftaligi” bir necha oy emas, balki samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida ko‘p yillar davom etishi kerak.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirish Ukraina uchun alohida ahamiyatga ega. So‘nggi o‘n yilliklarda mamlakat tubdan o‘zgardi: sobiq ittifoq respublikasidan Markaziy Osiyoning «kichik yo‘lbarsi»ga aylandi. Demografik va texnologik yutuqlarga erishgan O‘zbekiston bugun o‘z mintaqasida iqtisodiy o‘sishning bayroqdori hisoblanadi. Xalqaro maydondagi to‘laqonli ishtirokchi,  sarmoyaviy loyihalarda ishonchli sherik, Buyuk ipak yo‘lida Osiyodan Yevropa tomonga harakatlanishdagi madaniy markaz – bugungi kunda O‘zbekistonga tashqaridan ana shunday baho berilmoqda. Ammo elchi sifatida O‘zbekiston imkoniyatlarini yana-da kengroq ko‘rmoqdaman: mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni bir necha baravar oshirish istiqbollari mavjud. Aynan shu istiqbollarni ukrainaliklarga taqdim etishni, ulardan foydalanish imkoniyatlarini ochishni, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda yordam berishni istayman.

O‘tgan davr mobaynida Ukraina ham o‘zgardi. O‘tgan asrning 90-yillaridan buyon uzoq yo‘l bosib o‘tildi. Ukraina xalqi saxovatli, samimiy va mehmondo‘st millat bo‘lib, siyosiy, iqtisodiy, texnologik, madaniy va intellektual jihatdan o‘sdi. Biz izchillik, kreativlik va texnologik jihatdan rivojlandik. Aynan ana shu – yangi va zamonaviy Ukraina bilan sizni tanishtirish niyatidaman. O‘zbekiston uchun Ukrainani to‘liq kashf qilish uchun tanishtirish, дўстлашиш..., bir so‘z bilan aytganda, barcha imkoniyatlarni ishga solishga harakat qilaman.

Afsuski, ayrim sabablar bilan maʼlum bir muddat davomida Ukraina – O‘zbekiston munosabatlarida turg‘unlik kuzatildi. Bugun ana shunday munosabatlarga barham berish va yangi sheriklik aloqalariga turtki berish vaqti keldi. Kiyev va Toshkentda ana shunday fikrdagi ko‘plab insonlar borligidan mamnunman. Agar faoliyatim davomida ko‘pyillik hamkorligimiz solnomasida yangi sahifa ochishga erishsam, o‘z missiyamni muvaffaqiyatli bajardim, deb hisoblayman.

– O‘zbekiston va Ukrainaning siyosiy sohadagi munosabatlariga qanday baho berasiz?

– O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati bilan siyosiy aloqalar sohasida o‘zaro tushunish, o‘zaro hamkorlik va o‘zaro yordam tushunchalari asosida yondashaman. Bugungi o‘zaro munosabatlarimizda ana shu jihatlar ustuvor. Elchi sifatida ularni yana-da chuqurlashtirish, mustahkamlash va kengaytirishni xohlayman.

Avvalombor, O‘zbekistonda Ukraina va uning atrofida qanday voqealar ro‘y berayotgani haqida xolis axborot bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Elchi o‘z faoliyatini yuritayotgan davlat siyosiy rahbariyatiga uni yuborgan mamlakatdagi voqealar to‘g‘risida maʼlumot berishi tabiiy hol. O‘z navbatida, ukrainaliklar zamonaviy O‘zbekiston qanday nafas olayotgani va qanday yashayotgani, uning maqsadlari, rejalari, intilishlarini bilishi va tushunishi kerak. Agar bir-birimiz haqimizda eng muhim narsalar va qiziqishlarimizni bilsak, bir-birimizni yaxshiroq anglaymiz.

O‘zaro anglashuv – o‘zaro munosabatlar kalitidir. Ukraina va O‘zbekiston ko‘plab yo‘nalishlar, xususan, xalqaro tashkilotlar doirasida qator soha va tashabbuslarda hamkorlik qiladi. Bu qamrov yana-da kengayishini istardim. Birgaliklagi samarali ishlar tajribasi o‘zaro yordam berishning eng yuqori shakli bo‘lgan hamkorlikni keltirib chiqaradi. O‘zaro aloqalar qanchalik yaqin bo‘lsa, hamkorlik sohalari va o‘zaro yordam sabablari shuncha ko‘p bo‘ladi. Ikki tomonlama munosabatlarimiz ushbu yo‘nalishda rivojlanishiga umid qilaman.

Ishonchim komilki, siyosiy o‘zaro aloqalarning muhim tarkibiy qismlaridan biri - bu parlamentlararo hamkorlikdir. Biz O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining Ukraina bilan hamkorlik guruhini tuzish to‘g‘risidagi qarorini mamnuniyat bilan qabul qildik. Umid qilamanki, yaqin kelajakda Ukraina Oliy Radasida O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhi tuziladi va to‘laqonli parlamentlararo muloqot yo‘lga qo‘yiladi.

— Faoliyatingizda O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlarning qaysi jihatlari ustuvor sanaladi?

— Hozirgi kunda davlatlarimiz hukumatlari tomonidan savdo-iqtisodiy sohalarda ishlab chiqilayotgan barcha tadbirlarni sanab o‘tish qatʼiyatli mushtariyni ham charchatishi mumkin. Shuning uchun oddiy odamlarning kundalik hayoti uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhimlariga to‘xtalaman.

Ukraina bilan O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslarni ochish men uchun ustuvor vazifadir. Bu biznes uchun qulay sharoit yaratib, mehnat va akademik harakatchanlikni rag‘batlantiradi, mintaqalarning turistik salohiyatini ro‘yobga chiqarish barobarida, yaqin qarindoshlar, do‘stlar va oilalar hayotini osonlashtiradi. Dunyo o‘zgardi, shu bilan birga, aviakompaniyalar va sayohat haqidagi qarashlar ham o‘zgarib bormoqda. Katta hajmdagi davlat aviakompaniyalarining o‘rnini arzon narxlardagi, barcha uchun hamyonbop narxlardagi qulay yangi aviakompaniyalar egallamoqda. Ukraina uzoq vaqtdan beri xorijiy “lou-kost”lar uchun o‘z osmonini ochgan va ana shunday aviakompaniyalar tashkil etgan.

Ukrainaliklar uchun 30-50 dollarga chipta sotib olib, dam olish kunlari Venada kofe ichish, Barselona ko‘chalarida sayr qilish va ajoyib meʼmorchilik anʼanalaridan bahramand bo‘lish yoki Islandiya kraterlarini tomosha qilib kelish odatiy holga aylangan. Shu bilan birga, yevropalik sayyohlar Kiyev, Lvov, Odessa, Xarkov va boshqa shaharlarga kelishadi. Odessadagi Arkadiya plyajlarida cho‘milish, Lvov opera teatrida opera ariyalarini tinglashi yoki Kiyev-Pechera lavrasi g‘orlariga tushishi imkoniyatiga ega.

Ukrainaning «SKY UP» “lou-kost” kompaniyasi yaqin vaqtda nafaqat Kiyevdan Toshkentga, balki Lvovdan Samarqandga ham doimiy reyslarni ochishga tayyor. Bunda borish-kelish chiptasi narxlari taxminan 300 dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Shu o‘rinda taʼkidlash joiz, xalqlarimizni yaqinlashtirishda to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlardan ko‘ra samarali vositani topish qiyin, nazdimda. Shu bois o‘zbekistonlik hamkasblarimning ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlashiga umid qilaman.

COVID-19 pandemiyasi sabab joriy etilgan cheklovlar tufayli parvozlar va logistika bilan bog‘liq bu yilgi qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi o‘sib bormoqda.

Boisi Ukraina va O‘zbekistonning ko‘plab korxonalari uzoq yillik, vaqt sinovidan o‘tgan aloqalarga ega. Pandemiya bois ko‘plab ko‘rgazma va yarmarkalarning bekor qilinishi sabab mamlakatlarimiz elchixonalari asosiy “yuk”ni o‘z zimmalariga oldi. Diplomatik vakolatxonalar ushbu jarayonda sheriklar topish va yangi istiqbolli aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha saʼy-harakatlarni ikki baravarga oshirdi.

Hukumat yangi sharoitda mahalliy tadbirkorlarga yordam berish uchun o‘z faoliyatini kuchaytirgan biznes birlashmalari bilan hamnafas bo‘lmoqda. Joriy yil iyul oyida Ukraina Savdo-sanoat palatasi birinchi marta O‘zbekiston Respublikasida ishonchli sheriklarni tanlashda yordam beradigan va ularga zarur maslahat xizmatlarini ko‘rsatadigan vakili – Asqar Solixboyevni tayinladi.

Ukraina mashinasozlik, muhandislik, dizayn kompaniyalarining afzalligi shundaki, ularning mahsulotlari O‘zbekiston bozorida taniqli bo‘lib, sifat, narx, xizmat ko‘rsatish va konsalting borasida raqobatchilariga nisbatan ustunlikka ega. Og‘ir karantin sharoitida ham Ukrainadan ko‘plab muhandis, sozlovchi, montajchi, dizayner va texnologlar guruhlari O‘zbekistonga yetib keldi. Ukraina faol o‘sish davrini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston sanoati talabini qondira oldi.

Tomonlar agrosanoat majmuasida ham o‘zaro aloqalarni yana-da rivojlantirish, xususan, O‘zbekistonga qoramol yetkazib berish hajmini ko‘paytirish, zamonaviy chorvachilik va parrandachilik majmualarini qurishdan manfaatdor. Ukraina kompaniyalari o‘z xodimlari malakasini oshirishni O‘zbekiston va Ukraina hududida olib boradi hamda o‘zbekistonlik fermerlarni agrobiznesni boshqarish bo‘yicha Ukraina fermer xo‘jaliklarida amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishga taklif qiladi. Shuningdek, bog‘dorchilik, urug‘ yetishtirish va agronomiya sohalarida aloqalarni tiklash bo‘yicha ishlarni boshladik.

So‘nggi oylarda O‘zbekistonning bir nechta mintaqasida bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Mening ustuvor maqsadlarimdan biri mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan joylarni izlash va topishdir. Masalan, Samarqandga safarimdan so‘ng dunyoga mashhur «Global Spirts» xolding rahbari Yevgeniy Chernyak O‘zbekistonga keldi. Olib borilgan muzokaralar natijasida bu yil O‘zbekistonga Ukrainadan yirik sarmoyalar kirib keladi va yangi korxona ochiladi, deb umid qilamiz.

Ukrainaning qator farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekistonda turli ampula ko‘rinishidagi, habdori va kukunli shakldagi dori vositalarini ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini boshlab yubordi. Yaqin vaqtlarda O‘zbekiston xalqi shu yerda Ukraina texnologiyalari asosida ishlab chiqarilgan sifatli va arzon dori-darmonlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Ammo, tadbirkorlar tili bilan aytganda, biznes sukunatni yaxshi ko‘radi, shuning uchun barcha rejalarni oshkor qilmayman, aksincha ularni amalga oshirish uchun harakat qilaman.

- O‘zbekiston bilan Ukraina o‘rtasida madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni faollashtirish bo‘yicha o‘z oldingizga qanday vazifalarni qo‘ydingiz?

- Zamonaviy dunyoda madaniyat jamiyat va davlat rivojlanishining muhim omili ekani haqida hech kim bahslashmasa kerak. Zero, texnologiyalarning doimiy takomillashib borishi, iqtisodiy modellarning o‘zgarishi, xalqaro munosabatlar evolyutsiyasiga qaramasdan madaniyatning asrab-avaylanishi va rivojlantirilishi global dunyoda o‘zligimizni saqlab qolishga imkon beradi.

Ukraina va O‘zbekistonda ko‘p asrlik etnik madaniy muloqot va o‘zaro hamkorlik anʼanalari mavjud. Madaniy merosimizga bo‘lgan o‘zaro qiziqish bor. Shu bilan birga, madaniyatlarimiz faol rivojlanmoqda, yangi badiiy asarlar, rasmlar, kitoblar, filmlar yaratilmoqda.

Elchixonaning vazifasi madaniy almashinuvni rivojlantirish, ukrain madaniyatining eng yaxshi namunalarini O‘zbekiston xalqiga taqdim etishdir. Biz yangi, zamonaviy Ukraina madaniyatini namoyish qilib, yosh isteʼdodli mualliflarimiz va ijrochilarimiz bilan tanishtirmoqchimiz.

Yaqin kelajakda, karantin cheklovlari bekor qilingandan so‘ng, «Ukraїnskiy tijden»ni O‘zbekistonda o‘tkazishni rejalashtirganmiz. “Tijden” o‘zbek tiliga “haftalik” deb tarjima qilinadi. Yetti kun davomida ukrain oshxonasi sirlaridan bahramand qilish, ukrain milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha “mahorat darslari” o‘tkazish, zamonaviy ukrain liboslari, musiqalarini namoyish etish, xalq hunarmandchiligi namunalari bilan tanishtirish, rasmlar ko‘rgazmasi o‘tkazishni rejalashtirdik. Kelgusi yilda “tijden” paytida o‘zbekistonlik tomoshabinlariga ukrain kinosi bilan tanishish imkoniyatini taqdim etamiz.

Mamlakatlarimizning taʼlim-fan sohalaridagi hamkorligi o‘zbek xalqida alohida qiziqish uyg‘otib keladi. Ukraina universitet va institutlari oliy maʼlumot olish uchun ajoyib imkoniyatlarni taqdim etadi. Chet el fuqarolari Ukrainaga o‘qish uchun kelishlaridan xursandmiz. 2020 yil boshidagi maʼlumotga ko‘ra, Ukrainada 158 mamlakatdan 80 mingdan ziyod chet ellik talaba tahsil olmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joiz, O‘zbekistondan o‘qish uchun kelgan talabalar sonini oshirishdan manfaatdormiz. Universitetlarimiz O‘zbekiston mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarda, xususan, tibbiyot, neft, gaz, kimyo sanoati, geologik qidiruv, axborot texnologiyalari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatiga ega. O‘qishga kelgan chet ellik talabalar nafaqat zarur mutaxassislikni, balki keng tarqalgan chet tillarini ham o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun Ukraina universitetlarida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qo‘shma fakultetlar ochish rejalashtirilgan. Joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizning yetakchi texnik universitetlaridan biri — Lvov politexnika universiteti bilan Samarqand davlat universiteti o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Shartnomaga ko‘ra, o‘zbekistonlik talabalar tahsil uchun axborot texnologiyalari, geodeziya va menejment yo‘nalishlarini tanlashlari mumkin. Shuningdek, O‘zbekiston talabalari Lvov politexnika universitetida magistratura va aspiranturada o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Bunda ikki tomonlama diplom olish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Kelgusida Samarqand davlat universiteti negizida Lvov politexnika universiteti  filialini ochish rejalashtirilgan.

Albatta, turizm mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Ukrainada noyob balneologik kurortlar mavjud bo‘lib, ular salomatlikni tiklash uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, Truskaves, Morshin, Sxidnitsa, Svalyava dunyoga mashhur va ko‘plab O‘zbekiston fuqarolari dam olib, sog‘lig‘ini tiklagan ana shunday kurortlardan. Qishki dam olish va tog‘ chang‘isi bilan shug‘ullanishni sevuvchilar Karpatda joylashgan Bukovel kurortiga safar qilishlari mumkin. Bu Yevropa standartlariga javob beradigan zamonaviy kurort majmuasidir. Muxtasar aytganda, sizni mehmondo‘st Ukraina zaminida kutib qolamiz!

— Elchi janoblari, qiziqarli va mazmunli suhbat hamda maʼlumotlar uchun katta rahmat.

Suhbatni Mahmud Bobonazarov yozib oldi,

“Dunyo” AA.

Mavzuga oid

O‘zbekiston – Tailand diplomatik aloqala...

6-may – O‘zbekiston Respublikasi bilan Tailand Qirolligi o‘rtasida diplomatiya munosabatla...

Amerikadagi vatandoshlar Prezidentimizn...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi yalpi yig‘ilish...

Buyuk Britaniyaning Afg‘oniston bo‘yich...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgas...

So`nggi yangiliklar