Uz / Ўз Ru En

Toshkent

17/Avgust/2022   Dolzarb

Elchi Ulug‘bek Maqsudov: O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega

TOSHKЕNT, 17 avgust. /«Dunyo» AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi arafasida «Dunyo» axborot agentligi muxbiri O‘zbekiston elchisi va mamlakatimizning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili Ulug‘bek Maqsudov bilan O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni hamkorligining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan suhbatlashdi.


– Ulug‘bek Hamidjonovich, so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarida faollashuv kuzatilmoqda. Sizningcha, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari nimalardan iborat?

– Darhaqiqat, O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar qisqa davr ichida jadallashdi. Bunga davlatimiz rahbarining  Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud bilan 2017 yil may oyida Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamda Arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammitidagi ishtiroki davomidagi o‘zaro  fikr almashuvlar katta turtki berdi.

Podshoh Saudiya Arabistonining O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u o‘zbek xalqiga va Imom Buxoriy Vataniga tinchlik va farovonlik tiladi.

O‘zbekiston-Saudiya munosabatlari asosida o‘zaro ishonch tamoyillari mavjud bo‘lib, har ikki tomonga birdek manfaat keltiradigan va teng huquqli aloqalarni yanada rivojlantirishga bo‘lgan intilish mushtarakdir.

Toshkent va Ar-Riyod muntazam ravishda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazmoqda. Siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rtinchi davrasi 2021 yil iyun oyida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni hisobga olgan holda videokonferensiya aloqasi vositasida bo‘lib o‘tdi. Hozir siyosiy maslahatlashuvlarning 5-davrasini o‘tkazish muddatlari va mazmuni ustida ish olib borilmoqda.

Quyidagi dalillar ham ikki tomonlama munosabatlarni faollashib borayotganini tasdiqlaydi.

2021 yil iyul oyida Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Shahzoda Faysal bin Farhan rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Shuningdek, u Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada ham ishtirok etdi. O‘zbekiston Prezidenti Saudiyalik mehmonni qabul qilib, u bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanayotgani – muloqotlar faollashayotgani va yirik investitsiya loyihalari, birinchi navbatda, energetika sohasida ilgari surilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘z navbatida, Saudiya Arabistoni vaziri Podshohlik O‘zbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan o‘z vaqtidagi va muhim xalqaro tashabbuslarini, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga ko‘rsatilayotgan ko‘makni yuksak qadrlashini va qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Mamlakatlarimiz xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlarning nuqtai nazarlari va nomzodlarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi IHT, shuningdek, uning ixtisoslashtirilgan va yordamchi muassasalari, xususan, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO), Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMSTECH), Islom hamkorlik tashkilotining Islom savdoni rivojlantirish markazi (ICDT), Islom taraqqiyot banki (IsDB), Islom mamlakatlari uchun statistika, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar hamda treninglar markazi (SESRIC) va Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) doirasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etishni istar edim.

2021 yil 19 dekabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Islomobodda bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining Afg‘oniston bo‘yicha navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi.

2022 yil 22-23 mart kunlari Islomoboddagi parlament binosida Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 48-sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda mamlakatimizning yuqori darajadagi delegatsiyasi ham qatnashdi. Sessiya chog‘ida O‘zbekiston tashabbuskorligidagi qator rezolyutsiyalar, xususan, «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risida», shuningdek, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasi to‘g‘risida»gi taklif va tashabbuslari ma’qullandi hamda qabul qilindi.

Mamlakatimizning terrorizmga qarshi kurash va ekstremizmning oldini olish, qurol nazorati va qurolsizlanish borasidagi global tashabbuslari, Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy tashabbuslari ham qo‘llab-quvvatlandi.

Joriy yilning iyul oyida tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Podshohlikka tashrif buyurdi. Saudiya Arabistoni parlamentida, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashida samarali muzokara va uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyamiz Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi va Islom hamkorlik tashkiloti o‘rtasidagi munosabatlarni Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlar asosida kengaytirish» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

O‘zbekiston tomoni Islom hamkorlik tashkiloti doirasida faol tashabbuslarni ilgari surishda, uning ixtisoslashgan va yordamchi muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etadi.

Diplomatik vakolatxonalar – Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasi va O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi hamda Jiddadagi Bosh konsulxonasi orqali tomonlar o‘rtasida doimiy muloqot va aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.

Biz ikki tomonlama hamkorlikning o‘zaro savdo hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy, madaniy-gumanitar loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ilmiy-ta’lim almashuvlari va boshqa aloqalarni yanada mustahkamlash hamda faollashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlariga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz.

Yana shuni alohida ta’kidlashni istardimki, 2022 yil ikki tomonlama munosabatlarda muhim yil hisoblanadi. Bundan roppa-rosa 30 yil avval O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan edi. Ushbu yubiley sanasi sharafiga Toshkent va Ar-Riyod ikki mamlakat poytaxtlari va mintaqalarida qator muhim siyosiy va madaniy tadbirlarni o‘tkazish niyatida.

- O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyaga katta e’tibor bermoqda. Saudiya Arabistoni bilan iqtisodiy hamkorlik qaysi sohalarda, ayniqsa, jadal rivojlanmoqda?

– O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlik muvaffaqiyatli rivoj topmoqda. To‘g‘ri, ko‘rsatkichlar juda kamtar, ammo O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi tufayli podshohlikning deyarli bir yarim yillik izolyatsiyasining salbiy oqibatlarini jadallik bilan bartaraf etmoqda, chunki mazkur mamlakatda barcha havo, dengiz va quruqlik yo‘llari yopilgan edi, nafaqat xalqaro havo qatnovlari, balki ichki reyslar ham to‘xtatilgandi.

Shu bilan birga, yuqoridagi ko‘rsatkichlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega. Ikki tomon ham savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy faoliyatni kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdordir.

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 38 taga yetib, 4,2 barobarga oshdi.

Shu o‘rinda iqtisodiy yo‘nalishdagi delegatsiyalar almashuvi faollashganini ham alohida ta’kidlash joiz. Investitsiya vaziri Holid Al-Falih boshchiligidagi Saudiya Arabistonining nufuzli delegatsiyasi joriy yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi. Delegatsiya tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni hukumatlararo komissiyasining, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum ham o‘tkazildi. Quvonarlisi, bu tadbirlar muntazamlik mohiyatini kasb etdi.

O‘zbekiston ham, Saudiya Arabistoni ham energetika, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, elektronika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, biotexnologiya, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil, kimyo va neft-kimyo sanoati, turizm, madaniyat va sport, fan va ta’lim, atrof-muhit muhofazasi va ekologiya kabi istiqbolli sohalarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishbilarmon doiralarni bir-biriga yaqinlashtirish va o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatish uchun birgalikda ishlashga tayyor.

Elchixonaning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston Energetika vazirligi va Saudiya Arabistonining «Acwa Power» kompaniyasi o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu kompaniya bilan energetika sohasidagi hamkorlik va yirik investitsiya loyihalari jadal sur’atda ilgari surilayotganini qayd etish lozim. «Acwa Power»ning O‘zbekiston hududlarida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va «yashil» energiyani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi 2,6 milliard dollarni tashkil etadi.

Ayni paytda tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishning asosiy omili sifatida fan va texnika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Toshkent texnoparki va Podshoh Abdulaziz nomidagi fan va texnologiyalar markazi o‘rtasida ularning faoliyatlari bilan tanishish maqsadida ushbu muassasalar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish va hamkorlikning aniq-ravshan yo‘nalishlarini aniqlash yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish xususida kelishuv mavjud.

Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishiga muhim moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda. 

– O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni chuqur tarixiy va madaniy aloqalarga ega. Madaniy-gumanitar sohada ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini qanday ko‘rasiz?

– O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi sharafiga mamlakatlarimiz poytaxtlari – Toshkent va Ar-Riyodda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni madaniyati va san’ati haftaliklari doirasida qator tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Umuman olganda, so‘nggi yillarda madaniy-gumanitar aloqalar ijobiy sur’atni namoyon etmoqda va amaliy mazmun bilan boyimoqda. Aloqa va almashuvlar jadallik bilan davom etayotgani bois hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Saudiya elektron universiteti 2020 yil imzolangan Hamkorlik shartnomasi asosida o‘zaro munosabatlarni izchil rivojlantirmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Saudiya Arabistonining Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot dasturlarini o‘tkazish va nodir qo‘lyozmalarni o‘rganish maqsadida o‘zaro tashriflarni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni muhokama qilmoqda.

Madinadagi Islom universiteti O‘zbekiston universitetlari bilan o‘zbek talabalari uchun ta’lim grantlari ajratish, arab tilini o‘qitish uchun maxsus kurslar tashkil etish, o‘quv dasturlari tayyorlash, o‘zbek arab tili o‘qituvchilari malakasini oshirish, arab xattotligi bo‘yicha guruh tuzish va maxsus kurslar tashkil etish, fiqh, aqida, hadisshunoslik, tafsir va boshqa sohalarga oid ilmiy tadqiqotlar olib borish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan Saudiya Arabistoni Ilmiy-tadqiqot va bilim almashish markazi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu Markaz universitet kutubxonasi uchun tarix, falsafa, adabiyot bo‘yicha ko‘plab kitoblar, shuningdek, arab tilini o‘rganayotgan talabalar uchun lug‘atlarni taqdim etgan.

Shuni ta’kidlashni istardimki, 2019 yilda elchixona shayx Samir Najjor nomidagi Xayriya jamg‘armasi bilan aloqa o‘rnatgan edi. Shu yilning oktabr oyida Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasida 110 ta yurak operatsiyasi bepul asosda amalga oshirilgani hamkorligimizning samarasi bo‘ldi. Afsuski, koronavirus pandemiyasi kelajakdagi rejalarimiz va kelishuvlarimizga o‘z tuzatishlarini kiritdi. Biroq endi, mamlakatlarimizda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat nisbatan barqarorlashgani bois, biz ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettiramiz.

Saudiya Arabistoni Islom dinining bosh muqaddas qadamjolari – Makkadagi «Al-Haram» masjidi va Madinadagi Muhammad Payg‘ambar (S.A.V.)ning «Masjid an-Nabaviy» masjidi joylashgan noyob mamlakat, Islom markazi hisoblanadi. Shu bois Podshohlik dunyo musulmonlari, jumladan, Saudiya Arabistoniga Haj va Umra ziyoratini amalga oshirayotgan o‘zbeklar hayotida juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ar-Riyoddagi elchixona va Jiddadagi Bosh konsulxona Saudiya Arabistonining Haj va Umra ishlari vazirligi bilan doimiy aloqada. Diplomatik vakolatxonalar ziyoratchilarning Podshohlikka kelishi va marosimlarni bajarish bilan bog‘liq jarayonlarni tashkil etishga ko‘maklashadi.

Bu yil 12 ming nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Haj amalini va 32 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz – Umra amallarini bajardi.

Darvoqe, Saudiya Arabistoni BMT Butunjahon sayyohlik tashkilotining (YUNVTO) 25-sessiyasini 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkazish qarorini qo‘llab-quvvatlagan davlatlardan biridir.

2022 yil 27-29 iyun kunlari Bokuda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti turizm vazirlarining 11-anjumani doirasida Saudiya Arabistoni Xiva shahrining 2024 yil “Islom dunyosining turizm poytaxti”, deb e’lon qilinishi to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ham qo‘llab-quvvatladi.

Xulosa o‘rnida sizni ishontirib aytamanki, biz davlatimiz rahbari tomonidan yaqin va uzoq istiqbolga belgilangan vazifalarni amalga oshirishga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz.

– Ulug‘bek Hamidjonovich, mazmunli suhbat uchun Sizga minnatdorlik bildiramiz va Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz.

– Rahmat.

Mavzuga oid

Yaponiyadan munosabat:O‘zbekiston va Ros...

Yaponiya xalqaro munosabatlar instituti (JIIA) katta tahlilchisi Xironori Fushita

Avstriya elchisi: Markaziy va Janubiy Os...

Avstriyaning O‘zbekistondagi elchisi (qarorgohi Vena shahrida) Alois Kraut kecha o‘z nihoy...

Aholi salomatligi tizimining samaradorli...

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda jamoat salomatligini ta’minlash tizimi samaradorligini o...

So`nggi yangiliklar