06/Fevral/2023 Sanalar
TOSHKENT, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Turkmaniston elchisi Yazkuli Mammedov “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
– Shu kunlarda qardosh mamlakatlarimiz – Turkmaniston va O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlamoqda. Maʼlumki, turkman va o‘zbek xalqlarining ildizlari mushtarak bo‘lib, asrlar davomida yaqin qo‘shnichilikda yashab, barcha amallarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab keladi.
Mustaqillik yillarida, ayniqsa, diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan so‘ng mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha jabhalarda, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib, bugungi kunda strategik xususiyat kasb etmoqda.
Taʼkidlash kerakki, muhtaram yetakchilarimizning oliy darajadagi muloqotlari, ikki qardosh davlat o‘rtasida o‘rnatilgan ochiq va ishonchli muloqot bugungi strategik sheriklik uchun mustahkam poydevor bo‘layotir.
Men faqat 2022 yilning o‘zida muhtaram Prezidentlarimiz uch marta – Toshkent, Samarqand va Ashxobodda uchrashganlarini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, transport, tranzit, energetika, mashinasozlik va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan turli tadbir va uchrashuvlarni muntazam hamda faol o‘tkazmoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil oktyabr oyida Ashxobodga buyurgan tashrifi chog‘ida davlat rahbarlarimiz Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Shuningdek, tashrif doirasida «Toshovuz – Xorazm» chegaraoldi savdo zonasining qurilishi ishlari boshlab yuborildi, Turkmaniston poytaxti markazida “Toshkent” istirohat bog‘i ochildi.
Siyosiy jabhada mamlakatlarimiz faol hamkorlik qilmoqda. Xususan, davlatlarimiz ikki va ko‘p tomonlama shakllarda bir-birini muvaffaqiyatli qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘rnatilgan parlamentlararo aloqalarni yuksak qadrlaymiz. Ikki qardosh davlat xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilib, deyarli barcha xalqaro masalalarda bir-biri bilan hamfikr bo‘lmoqda.
Biz Turkmaniston va O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari doirasidagi yaqin hamkorligi ahamiyatini yuqori baholaymiz. Bunda yetakchilarimiz mintaqaviy va global miqyosdagi turli masalalar yuzasidan fikr almashmoqdalar.
Shuningdek, mamlakatlarimizning mintaqadagi hamkorlari bilan «Markaziy Osiyo+» shakllari doirasidagi yaqin aloqalari va kelgusida bu boradagi amaliy yondashuvlar muhimligini taʼkidlash joiz.
Mintaqaviy darajadagi o‘zaro hamkorlik nuqtai nazaridan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi munosabatlarga ham eʼtibor qaratishni istayman.
O‘zbekiston raisligida 2022 yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Turkmaniston Xalq maslahati raisi, milliy yetakchi Gurbanguli Berdimuhamedov boshchiligidagi delegatsiya ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini alohida taʼkidlamoqchiman.
Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni hamda qardosh mamlakat va xalqlarimizga farovonlik tilashga ijozat bergaysiz.