07/Dekabr/2022 Iqtisodiyot
TOSHKENT, 7-dekabr. /“Dunyo” AA/. “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 rusumli benzin narxi o‘zgarishsiz qoldi – litri uchun 6800 so‘m, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda AI-80 rusumli benzin yo‘q, qimmat benzinlar sotilayotgani mazmunidagi xabarlar tarqalmoqda.
Ularga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz: hozirgi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi AYOQSHlarda AI-80 rusumli avtobenzinning narxi oshirilmagan va uning 1 litri 6 800 so‘mligicha saqlanib qolmoqda. Shuningdek, AI-92 markali avtobenzin 9500 so‘mdan, AI-95 markali avtobenzin 10 500 so‘mdan sotilmoqda».
Enegetika vazirligi, shuningdek, bugungi kunda respublika neftni qayta ishlash zavodlarida bir kecha-kunduzda 4 ming tonnadan avtobenzin ishlab chiqarilib, birja savdolari orqali isteʼmolchilar ehtiyojlari uchun yo‘naltirilayotganini bildirgan. Bundan tashqari, avtobenzin zaxirasi yetarli ekanligi ham maʼlum qilingan.
Shu bilan birga, xususiy tadbirkorlar tomonidan qo‘shimcha avtobenzin importi amalga oshirilmoqda. Joriy yil boshidan buyon bir oyda o‘rtacha 10 ming tonna avtobenzin import qilinmoqda.