Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/Oktabr/2021   Madaniyat

Erondan munosabat: Jahondagi barcha o‘zbek tilida so‘zlashuvchi insonlarni 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman


TЕHRON, 18-oktabr. /«Dunyo» AA/. Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha taniqli tadqiqotchi, ko‘plab maqola va kitoblar muallifi, «Do‘stlik» ordeni sohibi professor Muhammadzoda Huseyn Siddiq 21 oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
 
- Men Eron adabiy muhiti vakili va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining faxriy o‘qituvchisi sifatida   O‘zbekiston xalqini va butun dunyodagi o‘zbeklarni  21 oktabr —O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
 
Barchamizga ma’lumki, 21 oktabr kuni O‘zbekistonda juda muhim voqea - O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanadi. Men ham birodar o‘zbek xalqining ushbu xursandchiligiga sherikman. 
 
Til — har bir  millatning hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan, asrlar davomida unga hamnafas bo‘lgan buyuk xazinasi hisoblanadi. Milliy til o‘z-o‘zidan shakllanmaydi,  balki u necha-necha asrlar, davru zamonlar bag‘rida voyaga yetadi. Buning uchun til  hamisha faol muomalada, harakatda va sayqalda bo‘lmog‘i lozim. Tilga e’tibor xalqning turmush tarzi, fikri-zikri, ong-tafakkuri rivoji, milliy g‘urur bilan uyg‘un bo‘lishi zarur.
 
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, o‘zbek tilining beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlari jozibasi va latofati bilan namoyon etib berdi. Navoiy o‘zbek tilining yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallashida muhim o‘ringa ega ekanini  barchamiz yaxshi bilamiz.
 
Shu ma’noda so‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini O‘zbekistonda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
 
Men umrimning katta qismini o‘zbek, xususan, turkiy hamda fors xalqlarning buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy merosini o‘rganish hamda Eron jamoatchiligi orasida keng targ‘ib qilishga bag‘ishlaganimdan hech afsuslanmayman.
 
Buyuk shoir Alisher Navoiy nafaqat O‘zbekiston xalqi va o‘zbek tilida so‘zlashuvchi insonlarning, balki Eron xalqining ham buyuk shoiri va mutaffakiridir.
 
Uning forsiy tilda bitilgan «Devoni Foniy»  asarida qo‘llanilgan she’riy uslub dunyoning ko‘plab shoirlari tomonidan davom ettirilgan. Ushbu uslub ilmiy doiralarida «turkiy» yoki keyinchalik «hind uslubi» sifatida dunyoga mashhurdir. Ayni paytda tadqiqotchilar ushbu uslubga «Navoiy uslubi» sifatida ham ta’rif bermoqda.
 
O‘zbek xalqini,  jahondagi barcha o‘zbek tilida so‘zlashuvchi insonlarni va Navoiy ijodi ixlosmandlarini 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman. o‘zbek tilining yanada gullab-yashnashi va dunyo miqyosida obro‘sini oshishiga tilakdoshman.

Mavzuga oid

Habiba Muhammad: Misrda o‘zbek tilini ta...

Mamlakatimizning Misr Arab Respublikasidagi elchixonasida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yich...

Moskvada Shuhrat Abbosovning xotira kech...

Joriy yil 19 mart kuni Rossiyaning Moskva shahrida O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Abboso...

Minskda ilk bor O‘zbek kinosi kunlari bo...

10 sentyabr kuni Belarus poytaxtida boshlangan O‘zbek kinosi kunlari kecha nihoyasiga yet...

So`nggi yangiliklar