Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Iyun/2022   Konstitutsiyaviy islohotlar

Erondan munosabat: O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar o‘zbek davlatchiligi, fuqarolik jamiyatini yana-da mustahkamlashga qaratilgan

TEHRON, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Tehrondagi  elchisi Bahodir Abdullayev Eron Islomiy Kengashi Majlisidagi Eron-O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Nuriy Qizilcha, Osiyo Parlamentlar Assambleyasi Bosh kotibi o‘rinbosari Hoshimiy Qashqoiy  bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


 Tadbirda bugun O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, milliy qonunchilikni yana-da takomillashtirish, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash bo‘yicha qilinayotgan saʼy-haraktalar haqida maʼlumot taqdim qilindi. Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilarining eʼtibori O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilganiga qaratildi.  

Nuriy Qizilcha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi fikrlarini bildirdi.

-Har bir davlat o‘zining Bosh qomusini mukammal bo‘lishini va uni mamlakat fuqarolarining talab hamda takliflariga so‘zsiz javob bera olishini xohlaydi. Ushbu yo‘nalishda doimiy izlanishlarni olib boradi, shu bilan birga xorijiy tajribani chuqur o‘rganadi, -dedi u. - Eronning Konstitutsiyasi 1979 yilda umumxalq referendumi asosida qabul qilingan. Oradan 10 yil o‘tib, 1989 yilda Konstitutsiyaga qator o‘zgartirishlar kiritilgan. Xususan, Eronda prezidentlik instituti joriy etilgan, hukumatni shakllantirishning mexanizmlari hamda uning huquq va majburiyatlari aniq qilib belgilab berilgan.

Eron Konstitutsiyasiga kiritilgan ushbu o‘zgartirishlar jarayonida Bosh qomusimiz xalqimiz tarixi, qadriyatlari hamda milliy davlatchiligimizning ustuvor g‘oyalari ustiga qurilgan, Belgiya, Fransiya va boshqa davlatlarning tajribalaridan foylanilgan.

O‘zbekistonda bu borada olib borilayotgan amaliy ishlarni olqishlaymiz.

Men 2021 yilda o‘tkazilgan Prezident saylovida xorijiy kuzatuvchi sifatida O‘zbekistonga borgan edim. Ovoz berish jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent shahri va viloyatidagi 18 dan ortiq saylov uchastkalarida bo‘lib, saylovchilar bilan muloqotlar o‘tkazdim.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatingiz fuqarolari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlar jarayonida O‘zbekistonda qisqa muddatlarda amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi islohotlar samarasini bevosita his etdim.

Yoshidan qatʼiy nazar saylovchilarning ovoz berish uchun uchastkalarga faol tashrif buyurishi va ularning aʼlo kayfiyati men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. O‘zbekistonga amalga oshirilgan ushbu safarim asnosida men bevosita o‘zbek xalqining yuqori darajadagi siyosiy ongini, Prezident Shavkat Mirziyoyevga bo‘lgan yuksak hurmat-eʼtiborini his qildim. Bularning barchasi davlatingiz rahbarining xalqchilligi, o‘z fuqarolariga bo‘lgan cheksiz muhabbatidan dalolatdir.

O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar o‘zbek davlatchiligi, fuqarolik jamiyatini yana-da mustahkamlashga qaratilgan.

Ayniqsa,  Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Konstitutsiyani o‘zgartirish masalasini umumxalq referendumini o‘tkazish orqaligina hal qilish bo‘yicha ilgari surgan tashabbusi ushbu so‘zlarimning amaldagi yana bir isbotidir.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Bosh qomusiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, xususan, Konstitutsiyada inson, uning hayoti va qadr-qimmatini ulug‘lash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, O‘zbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish, «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» g‘oyalarini mustahkamlash, ekologik-huquqiy normalar va elektron hukumatni rivojlantirish asoslarining ifoda etilishi bo‘yicha takliflar bizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ushbu takliflar hozirgi zamon talablaridan kelib chiqqani hamda O‘zbekiston Konstitutsiyasining bugun dunyo hamjamiyatida ro‘y berayotgan siyosiy-iqtisodiy jarayonlar, texnologik taraqqiyot va shakllanayotgan yangi muhit talablari bilan hamnafas bo‘lishini taʼminlashga qaratilgan desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqiga ushbu muhim siyosiy tadbirni o‘tkazishda muvaffaqiyat tilayman.

Mavzuga oid

Polshada O‘zbekistonda amalga oshirilayo...

Kecha mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasida Polshada istiqomat qilayotgan vatandoshl...

BAAdagi vatandosh: Bosh qomusimizda oila...

BAAdagi yetakchi “DU” telekommunikatsiya kompaniyasi xodimi G‘ayrat Xoliqov O‘zbekistond...

Saudiya Arabistonidagi vatandosh: Konsti...

Saudiya Arabistonida doimiy yashovchi vatandosh, ishbilarmon Abdujalil Asrorni mamlakatimi...

So`nggi yangiliklar