Uz / Ўз Ru En

Toshkent

01/Mart/2021   Sport

Fotoreportaj: Xalqaro kamondan otish federatsiyasi prezidenti Toshkentda o‘tkazilgan «Alpomish va Barchinoy» xalqaro musobaqasini kuzatdi


TOSHKENT, 1-mart. /“Dunyo” AA/. Xalqaro kamondan otish federatsiyasi va Turkiya Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Ugur Erdener O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi bazasida «Alpomish va Barchinoy»  xalqaro musobaqasini kuzatish va mamlakatimiz sport jamoatchiligi bilan mazkur sport turini yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«Alpomish va Barchinoy» xalqaro musobaqasida respublikamiz atletlari bilan bir qatorda Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan kamonchilar ham kuch sinashdi. Turnir yakunida Xalqaro kamondan otish federatsiyasi raisi g‘olib va sovrindorlarga mukofotlarni topshirdi.

Ugur Erdener  bunday musobaqalarning tashkil qilinishi yurtimizda va Markaziy Osiyo mintaqasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga katta hissa qo‘shishini taʼkidladi.

Tashrif doirasida mehmon Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan imkoniyati cheklangan havaskor shaxmatchilar musobaqasining final bosqichida ham qatnashdi. Ushbu turnirda mamlakatimizning barcha hududlaridan 70 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi.

- Davlatlarimiz o‘rtasida iqtisodiyot va boshqa sohalar kabi sport yo‘nalishida ham hamkorlik rivoj topayotganini taʼkidlashni istardim, - dedi U.Erdener.  - Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash va yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish borasida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, mamlakatda sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilinayotgani eʼtiborga molik. Yurtingizda, shu jumladan, sportning kamondan otish turi rivojlantirilayotganidan minnatdormiz.

Xalqaro kamondan otish federatsiyasi va Turkiya Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda ikki mamlakat Milliy olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka oid memorandum imzolandi.

Anvar Ilyosov olgan suratlar, “Dunyo” AA

 

Mavzuga oid

O‘zbekistonlik yosh velosportchi Italiya...

O‘zbekistonlik yosh velosportchi Italiya klubi bilan shartnoma tuzdi.

Kun xabari: Toshkent 2025 yil yoshlar o‘...

Bugun O‘monning Maskat shahrida o‘tkazilgan Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) Bosh Assambleya...

O‘zbekistonlik yosh bokschilar Belarusda...

Joriy yil 22-26 fevral kunlari Gomel shahrida boks bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi...

So`nggi yangiliklar