29/Noyabr/2022 O’zbekiston dunyo nigohida
QOHIRA, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Misr ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21-22 noyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi haqidagi maqolalarni eʼlon qilishda davom etayotir, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Misr OAV davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi tafsilotlari, jumladan, erishilgan kelishuvlar mazmun-mohiyati bilan mamlakat jamoatchiligini tanishtirish maqsadda bu haqdagi xabar-maqolalarni arab va ingliz tillarida chop etmoqda.
Xususan, Misrning taniqli xalqaro sharhlovchilari Fotima Badaviy va Muhammad Vadiʼ qalamiga mansub shu haqdagi maqola «Al-Xabar al-Yaum» va «Sada al-Balad» axborot agentliklari veb-saytida har ikki tilda o‘quvchilar eʼtiboriga havola qilindi.
«Parijning asosiy muzeyilarida o‘tkazilayotgan O‘zbekistonga oid ikki ko‘rgazma 6 oy davom etadi» sarlavhali ushbu maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga tashrifi chog‘ida Prezident Emmanuel Makron bilan birgalikda mashhur Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan O‘zbekiston tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalarni ochib bergani qalamga olingan.
Maqolada Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida o‘zbek xalqining boy madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazmalarda mamlakatga oid nodir asarlar namoyish etilayotgani qayd qiligan.
«Ushbu ko‘rgazmalarda O‘zbekistonning 1500 yildan ortiq tarixini qamrab olgan 138 dan ortiq nodir eksponatlar namoyish etilmoqda», deb yozadi Misr OAV.