Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Oktabr/2021   O'zbekistonning xorijdagi vakolatxonalarida

Fransiyaning markaziy mintaqasida O‘zbekiston salohiyati taqdim etildi


BURJ, 5-oktabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston va Fransiya mintaqalari o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazish maqsadida mamlakatimiz elchixonasi delegatsiyasi Fransiyaning markaziy mintaqasi - Burj shahrida amaliy safarda bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tashrif doirasida Burj shahri meri Yann Galu, Xalqaro birdamlik va ta’lim uyushmasi (A.S.I.E) prezidenti Filip Burso, «Centraider» uyushmasi raisi Reno Metr, A.S.I.Ening O‘zbekistonga amalga oshirilgan missiyasi vakillari, «RCF» radiosi va «Le Berry Republicain» gazetasi tahririyati xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, «2016-2021: Yangi O‘zbekiston: An’analar va zamonaviylik o‘rtasida» nomli konferensiya va vatandoshimiz Hulkar Yunusovaning «Xabar» nomli ko‘rgazmasining ochilish marosimi tashkil etildi. 

Burj shahri meri Yann Galu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berib, respublikamiz mintaqalaridan biri bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyorligini bildirdi. Shahar meri Burj tarixda Fransiya markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidlab, bugungi kunda mazkur shahar chorvachilik, vino va don mahsulotlari etishtirish bo‘yicha yetakchi ekanini ma’lum qildi. Bundan tashqari shaharda temirga ishlov berish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, shinalar ishlab chiqarish va boshqa sohalar rivoj topgan.

Uchrashuv yakunida Burj va O‘zbekiston shaharlaridan biri bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish yuzasidan kelishuvga erishildi.

A.S.I.E prezidenti Filip Burso uyushmaning O‘zbekistonda loyihalar amalga oshirishga qiziqishi yuqori ekanini ma’lum qildi. Pandemiyaga qaramasdan joriy yilda qator loyihalar va O‘zbekistonga fransuz vakillarining safarlari tashkil etilganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Jumladan, 2021 yil davomida kulolchilik, Orolbo‘yi hududlarida fransuz tomoni ko‘magida shudringdan o‘simliklar uchun suv olish bo‘yicha namunaviy uskunalar o‘rnatish, Namangan viloyatida kichik voltli elektr energiyasi ishlab chiqarish uskunasini sinovdan o‘tkazish hamda assotsiatsiya vakilining Orol dengizi tarixi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Muloqotlar chog‘ida fransiyalik o‘qituvchilarning O‘zbekiston ta’lim muassasalarida faoliyat yuritishi, fransuz talabalarining milliy hunarmandchilik ustaxonalarida tajriba almashinuvi va ekologiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirishi bo‘yicha bir to‘xtamga kelindi.

Burj shahrida Val-Luar markazi mintaqasi «Centraider» ko‘p sheriklik tarmog‘i prezidenti Reno Mettr bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar natijasida «Centraider» rahbari Amudaryo va Sirdaryo oqava suvlaridan tejamkor foydalanish texnologiyalarini tadbiq qilish, Orolbo‘yi hududi aholisini turmush tarzini qo‘llab-quvatlash va ekologik muvozanatni tiklash, O‘zbekiston tomoni buyurtmasi asosida turli yo‘nalishlarda mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan treninglarni tashkil qilish loyihalarini taklif etdi. 

Elchixona  delegatsiyasi tomonidan ushbu amaliy safar davomida, shuningdek, Burj shahri mahalliy hokimiyati vakillik organlari, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy doiralari vakillari va OAV ishtirokida «2016-2021: Yangi O‘zbekiston: An’analar va zamonaviylik o‘rtasida» mavzusida konferensiya tashkil qilindi.

Anjuman doirasida fransuz tomoniga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, hususan, ochiq tashqi siyosat, qulay biznes va investitsiyaviy iqlimni yaratish, demokratiya tamoyillari asosida fuqarolik jamiyatni qurish singari masalalar taqdimot qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yangi ijobiy tus olganiga urg‘u berildi. Shu bilan birga, joriy yil 24 oktabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi. Bu safargi saylov ilk bor 2019 yil 25 iyun kuni qabul qilingan Saylov kodeksi asosida tashkil etilishi alohida ta’kidlandi. Fransiyada bo‘lib turgan vatandoshlar ushbu muhim siyosiy tadbirda qatnashib, o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishga chaqirildi. 

Tadbir yakunida vatandoshimiz Hulkar Yunusova va O‘zbekiston zamonaviy san’at muzeyi vakillarining «Xabar» nomli ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur ko‘rgazma Burj shahri aholisida katta qiziqish uyg‘otdi. 

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev «RCF Berry» radiosi bosh muharriri Shloye Bonne va «Le Berry Republicain» gazetasi muxbiri Sharlotta Frela uchun intervyu berdi. 

Bundan tashqari, «Le Berry Republicain» gazetasida «O‘zbek milliy taomi – osh», «O‘zbek san’ati bo‘yicha ko‘rgazma Burj shahrining Jak Ker saroyida bo‘lib o‘tdi» va «A.S.I.E O‘zbekistonni festivalga taklif qildi: Burjda ko‘rgazma va konferensiya bo‘lib o‘tdi» nomli maqolalar chop etildi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston elchisi va BAA davlat vazir...

Bugun mamlakatimiz elchisi Baxtiyor Ibragimov Birlashgan Arab Amirliklari davlat vaziri Ah...

O‘zbekiston va Rossiya elchilari kelgusi...

Kecha videokonferensaloqa formatida O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Bоtirjon Asadov va ...

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida ...

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi tomonidan Koreya Respublikasi adliya vazirligi migrat...

So`nggi yangiliklar