07/Fevral/2023 Ta'lim
PARIJ, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Parijdagi elchixonasi tomonidan «Toulouse III - Paul Sabatier» Tuluza universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi tub islohotlar va demokratik o‘zgarishlarga bag‘ishlangan videomuloqot shaklidagi tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tuluza universiteti ilmiy va akademik hamjamiyati vakillari hamda talabalari ishtirok etgan anjumanda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, 2023 yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilingani hamda 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlanish strategiyasi to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Mamlakatimizdagi maʼmuriy islohotlar, OAV erkinligini taʼminlash, aholining ijtimoiy ahvolini yuksaltirish, qashshoqlikni qisqartirish, iqtisodiy islohotlar, jamladan, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish mavzulariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tuluza universiteti professori Sandra Joffrua O‘zbekiston rahbariyati tomonidan hayotga tadbiq etilayotgan o‘zgarishlarga to‘xtalib, mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi yangilanishlar jarayoniga yuqori baho berdi.
«O‘zbekiston institutsional islohotlarning muhim bosqichiga qadam qo‘ydi. Konstitutsiyaviy islohot mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining ishonchli asosi, respublikada amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning huquqiy poydevori bo‘ladi», dedi u.
Professor O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining bugungi holatini ijobiy baholab, o‘zaro manfaatli aloqalarni yana-da kengaytirish tarafdori ekanini qayd etdi. 2022 yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universiteti va «Toulouse III - Paul Sabatier» universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganini taʼkidlab, o‘zbek oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
«Universitet magistrlik kurslari rahbari sifatida O‘zbekiston elchixonasi bilan hamkorlikni davom ettirishga va kelgusida yana ko‘plab ana shunday tadbirlarni o‘tkazishga tayyor ekanimizni bildiraman», dedi Sandra Joffrua.
Tadbir doirasida O‘zbekiston haqida namoyish etilgan film ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.