Uz / Ўз Ru En

Toshkent

20/Sentabr/2020   Ilm-fan

Germaniya bilan ilmiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha konferensiya tashkil qilindi


TOSHKENT, 20 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Innovatsion rivojlanish vazirligida Germaniya bilan ilmiy hamkorlikka bag‘ishlangan «Germaniyaning innovatsion tajribasi: Olmon ilmiy tashkilotlari» mavzusida xalqaro konferensiya tashkil qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Innovatsion rivojlanish vazirligi manbasiga asoslanib.

Konferensiyani innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev va vazir maslahatchisi Karsten Xayns ochib berdi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, moliyalashtirish, Germaniyaning grant tizimi tajribasini o‘rganish O‘zbekiston akademik jamoalari uchun muhim ekanini inobatga olgan holda konferensiyaga oliy ta’lim muassasalari prorektor va ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari taklif etildi.

Tadbirda Aleksandr fon Gumboltd jamg‘armasi eksperti professor Klaus Manderlar, Olmon ilmiy-tadqiqot jamiyati xodimi professor Yoyern Axterberg va Akademik almashinuv bo‘yicha Germaniya xizmati lektori Simon Krechmer ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Konferensiya avvalida Karsten Xayns Germaniyada ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tizimi haqida gapirib berdi. Bunda Germaniyada ilmiy tadqiqot markazlari davlat buyurtmasiga asosan emas, balki o‘zlari dolzarb deb topgan mavzularda tadqiqot olib borishlariga alohida urg‘u berdi. O‘z navbatida, tadqiqotlarga sarflanadigan xarajatlarning taxminan 58 foizi Federal byudjetdan qoplansa, qolgan 42 foizi hududiy byudjet xarajatlari hisobidan amalga oshirilishi qayd etildi.

Germaniya dunyoda ilm-fan o‘chog‘i deb tan olingan. U yerdagi ilm-fanga bo‘lgan hurmat, bag‘rikenglik muhiti va demokratiya zamonaviy bilim va yondashuvga ega olimlarning yangi avlodini tayyorlashga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, tadqiqotchilarning ishlashi, yashashi va dam olishi uchun yaratilgan sharoit, tenglik va mehmondo‘stlik ilmiy ishlar samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Professor Klaus Manderlar o‘zi faoliyat yuritayotgan jamg‘arma haqida so‘z yuritarkan, tashqi madaniy-ta’lim doirasida xorijlik olimlarni qo‘llab-quvvatlash siyosati yuzasidan fikr bildirdi. Jamg‘arma loyihalarni emas, balki insonlar, ular iqtidorini birinchi o‘ringa qo‘yishini aytib o‘tdi. Ilm-fanni rivojlantirishning uchta moliyaviy tayanchidan: tadqiqotlar uchun stipendiya berish, tadqiqotlarni mukofotlash va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini moliyalashtirish foydalaniladi.

Ta’kidlanganidek, ilm-fan hamkorligi iqlim isishi, biologik turlarning yo‘qolib ketishi, qochoqlar va migrantlar, kambag‘allik va epidemiya kabi muammolarga birgalikda yechim topishni ta’minlashi kerak.

Tadbir ishtirokchilari ilm-fandagi xalqaro hamkorlik dunyoda mavjud tengsizlikka barham berishi, nizolarning oldini olib, inqirozdan chiqishga ko‘maklashishini aytishdi.

Germaniya universitetlari ham turli mamlakatlar bilan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Germaniya Ta’lim va tadqiqotlar federal vazirligi hamkorlikda O‘zbekiston – Germaniya xalqaro ilmiy loyihalar tanlovini e’lon qilgani ham fikrimizga misol.

Tadbirda qayd etilganidek, ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy hamkorlik davom etadi. Xususan, joriy yil oktyabr, noyabr va dekabr oylarida Germaniyaning startaplarni ilgari surish bo‘yicha tajribasi, olmon universitetlarining avtonomiyasi, texnologiya va innovatsiyalar markazlari haqida onlayn tadbirlar o‘tkaziladi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi

Mavzuga oid

2021 yil Jaloliddin Manguberdi hayoti ...

2021 yil Jaloliddin Manguberdi hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konfer...

Daniyada mexatronika va muhandislik-elek...

Ushbu grant dasturi Janubiy Daniya universitetida o‘qitiladigan Muhandislik fanlari – mexa...

Ta’lim muassasalarida energetika mutaxas...

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan onlayn videomuloqot tashkil e...

So`nggi yangiliklar