Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Yanvar/2020   Iqtisodiyot

Germaniya biznes vakillari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi rivojlanishini qo‘llab-quvvvatlamoqda


BERLIN, 23 yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya “Yashil haftalik – 2020” xalqaro qishloq xo‘jaligi yarmarkasi va qishloq xo‘jaligi vazirlarining Berlin konferensiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi global forumi (GFFA-2020) sho‘’ba majlislarida ham qatnashdi. “Ishonchli biznes: Sharqiy Yevropa va Osiyo qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro savdosining sifati va shaffofligi” mavzusida tashkil etilgan anjumanda qishloq xo‘jaligi bozori qiymatini yaratishning asosiy tarkibiy qismi sifatida savdoni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbir Leybnits nomidagi iqtisodiy o‘tish davlatlari qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (IAMO) tomonidan Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasining Qishloq xo‘jaligi biznesi bo‘yicha Germaniya alyansi hamda Germaniya – Xitoy qishloq xo‘jaligi markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Yevropa mamlakatlari va Xitoyning 60 dan ziyod biznes, moliya va akademik doiralari vakillari ishtirok etdi.

Forum ochilishida IAMO rektori Tomas Glauben so‘zga chiqdi hamda globallashuv yangi ming yilligining boshlanishi mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida savdo aloqalarini faollashtirishga imkon berganini ta’kidladi. Sharqiy Yevropa va Osiyo mintaqalari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi sezilarli oshdi, jahon qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdosining chorak qismi ushbu mintaqalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

«Global G.A.P.» ijrochi direktori doktor Kristian Myullerning qayd etishicha, O‘zbekistonda standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yaqin kelajakda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini kengayishda muhim rol o‘ynaydi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev so‘zga chiqdi. U mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, sohadagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish sub’ektlarining o‘zaro munosabatlari huquqiy asoslarini mustahkamlash, investitsiya jalb qilish, samaradorligi yuqori texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaratdi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda uzoq muddatli strategiyaning yo‘qligi yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish, yuqori daromad olishga erishish va mahsulotlar raqobatdoshligini oshirishda to‘siq bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi qarori bilan 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiya va uni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi qabul qilindi. Ushbu qaror bilan ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, yer va suv munosabatlarini yaxshilash, qulay agrobiznes iqlimi va yuqori qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, sohaga bozor mexanizmlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy yetish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish va kadrlar salohiyatini oshirish rejalashtirilgan.

Strategiya loyihasini ishlab chiqishda xalqaro va mahalliy ekspertlar qatnashdi. Ular fermerlar va boshqa qishloq xo‘jaligi sub’ektlarining muammolarini o‘rganib, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan boshqarish tizimini tahlil qildi. Hujjat mavjud muammolar va ularni hal qilish mexanizmlarini belgilaydi.

O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligining mamlakat iqtisodiyotidagi rolini oshirishga intilmoqda. Bunga misol sifatida strategiyani amalga oshirish orqali 2030 yilgacha O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yiliga 20 milliard AQSh dollariga yetkazish, qayta ishlangan mahsulot eksporti hajmini esa 40 foizga oshirish rejalashtirilgani, shuningdek, yuqori sho‘rlangan yer maydonlarini 37 foizgacha qisqartirishga erishish kutilayotgani qayd etildi.

Tadbirda ishbilarmon va akademik doiralar vakillari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida xorijiy ishbilarmon, investor va olimlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirildi.

O‘z navbatida, Germaniya tadbirkorlari O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, taqdim etilgan ma’lumotlar mamlakatda biznes yuritishni muvaffaqiyatli tashkil etish istiqbollarini yaratishga yordam berishini ta’kidladi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid

Hindiston importyorlari bilan pandemiya ...

Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasida «La fresh Fruit and Nuts» kompaniyasi rahbari...

70 ta investor O‘zbekistonda shamol ele...

O‘zbekistonda quvvati 100 MVt ga teng bo‘lgan birinchi shamol elektr stansiyasi (ShES) qur...

Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda geolo...

“O‘zbekneftgaz” AJ va Rossiyaning “Rosgeologiya” AJ vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib ...

So`nggi yangiliklar