Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/Iyun/2021   Ta'lim

Germaniya Oliy o‘quv yurtlari xalqaro hamkorlik konsorsiumi bilan o‘zaro munosabatlar mustahkamlanadi


BERLIN, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. Ma’lumki, yurtimizda oliy ta’lim sohasida dunyoning rivojlangan mamlakatlarida, jumladan Germaniyada faoliyat ko‘rsatadigan oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama munosabatlar ko‘lamlarini kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda turli yo‘nalishlar bo‘yicha, xususan, muhandislik sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida o‘zaro hamkorlikda qo‘shma ta’lim muassasalari va dasturlarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar almashuvini tashkil etish alohida o‘rin tutadi.

Bu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda respublikaning 63 ta oliy o‘quv yurtlari mas’ullari bilan

Germaniya Oliy o‘quv yurtlari xalqaro hamkorlik konsorsiumi (DHIK) rahbariyati ishtirokida videokonferensaloqa shaklidagi muloqot uyushtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Germaniya Oliy o‘quv yurtlari xalqaro hamkorlik konsorsiumi 34 oliy o‘quv yurtlari uyushmasi hisoblanadi. Konsorsium xorijiy universitetlar bilan o‘zaro almashuvlar va qo‘sh diplomli dasturlar bo‘yicha hamkorlik olib boradi. Mazkur dasturlar nemis oliy o‘quv yurtlari modeli va hamkor universitetlar ta’lim tizimi bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi.

Ayni paytda ushbu konsorsium Xitoy, Meksika va Hindiston universitetlari bilan amaliy muhandislik sohasida hamkorlik qiladi. O‘zaro hamkorlikdagi dasturlarda nazariy bilimlar amaliyot bilan uzviy bog‘liq holda olib boriladi. Shu bilan birga, unga a’zo oliygohlar professorlari tomonidan xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari talabalariga ma’ruzalar, seminar mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i A.Xudoyqulov bugungi kunda respublikada oliy ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, yetakchi davlatlar ta’lim muassasalari bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan chet el universitetlarining filiallari, qo‘shma ta’lim dasturlari to‘g‘risidagi atroflicha ma’lumotni o‘rtoqlashdi.

Tadbir doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va respublika oliy o‘quv yurtlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish yuzasidan Germaniya tomoniga quyidagi takliflar bildirildi:

- oliy ta’lim sohasida aloqalarning uzoq muddatli va bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan Germaniya Oliy o‘quv yurtlari xalqaro hamkorlik konsorsiumi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish;

- O‘zbekiston va Germaniya oliy o‘quv yurtlari hamkorligida respublikada muhandislik sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan qo‘shma ta’lim muassasasi yoki fakultetini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqish;

- respublika oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda muhandislik, mashinasozlik, energetika, axborot texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘sh diplom berish huquqiga ega bo‘lgan qo‘shma bakalavratura va magistratura dasturlarini tashkil etish;

- Konsorsiumga a’zo oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari ishtirokida respublika oliy o‘quv yurtlari talabalari, professor-o‘qituvchilari uchun onlayn-seminar va ma’ruzalar tashkil etish;

- oliy ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish va o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etish maqsadida 2021 yilning ikkinchi yarmida Konsorsium delegatsiyasining O‘zbekistonga va o‘zbek tomoni delegatsiyasining Germaniyaga safarlarini tashkil etish.

Germaniya Oliy o‘quv yurtlari xalqaro hamkorlik koncorsiumi prezidenti - Saarland Texnologiya va iqtisodiyot oliy o‘quv yurti rektori professor D.Leonhard respublikamizda oliy ta’lim tizimini isloh etish doirasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilayotgan e’tiborni yuqori baholadi. U 2013 yilda tashkil etilgan konsorsium faoliyati, uning Xitoy, Meksika va Hindiston universitetlari bilan mavjud aloqalari to‘g‘risida to‘xtalar ekan, xalqaro hamkorlik jug‘rofiyasini kengaytirish Konsorsium faoliyatining asosiy maqsad va vazifalari sirasiga kirishini qayd etdi.

Professor D.Leonhard o‘zaro hamkorlik borasida yuqorida bayon etilgan takliflarga ijobiy munosabat bildirar ekan, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi, shuningdek, vazirlik hamda oliy o‘quv yurtlari vakillari bilan yaqindan tanishish va bevosita muloqot qilish imkoniyati yaratilgani, shuningdek, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari vakillarining tadbirdagi faol ishtiroki, qizg‘in bahs-munozaralaridan hamda o‘zaro hamkorlik borasida bildirgan aniq takliflaridan mamnuniyat izhor etdi.

- Biz bildirilgan takliflarni Konsorsiumga a’zo oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari bilan birgalikda ko‘rib chiqib, ularni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarimizdan foydalanamiz, dedi u. - O‘zbekiston va uning Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan tarixiy shaharlari haqida ko‘p eshitganman, bugungi muloqotdan so‘ng o‘zaro hamkorligimiz doirasida go‘zal diyoringizga safar qilishni albatta rejalashtiramiz.

O‘zaro hamkorlikdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD), Germaniya ta’lim va tadqiqotlar federal vazirligi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Germaniyaning tegishli tashkilotlari hamda ilmiy jamg‘armalari ko‘magini jalb etish mumkin.

O‘z navbatida, professor respublika oliy o‘quv yurtlari vakillarining joriy yil oktyabr oyida onlayn tarzida o‘tkaziladigan Konsorsiumning yillik yig‘ilishida qatnashishga taklif etdi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida muntazam axborot almashish, bildirilgan takliflarni amalga oshirishning mexanizmini birgalikda ishlab chiqish, xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish, talabalar almashuvlarini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro yaqin hamkorlikda ish olib borish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid

Turkiyalik mutaxassis bilan mahorat dars...

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) jurnalistika fakulteti tal...

Subuki universiteti bilan qo‘shma loyiha...

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Yaponiyaning Sukuba shahriga amaliy safar qildi

Samarqand davlat universiteti va Boku da...

O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixona tomonidan Samarqand davlat universiteti (SamDU) v...

So`nggi yangiliklar