Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/May/2022   Sanalar

Germaniyada dafn etilgan o‘zbek askarlari xotirasini abadiylashtirish davom etmoqda

BERLIN, 9 may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizda har yili 9 may –  Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash orqali Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, mehnat frontida jonbozlik ko‘rsatgan vatandoshlarimizga eʼtibor va ehtirom ko‘rsatish yurtimizda tom maʼnoda milliy anʼanaga aylangan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Maʼlumki, 1941 yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etgan. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlangan. Har biri tom maʼnoda qahramon bo‘lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi. 158 mingdan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi bor haqiqatni aniqlash va xalqimizga yetkazish, ajdodlar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi ham fashizmga qarshi janglarda mardlik ko‘rsatib, yurt ozodligi uchun qurbon bo‘lgan vatandoshlarimiz qabrlarini topish, xotiralarini abadiylashtirish borasida germaniyalik bir qator hamkorlar, olimlar va tadqiqotchilar bilan birgalikda ibratli ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, Germaniyaning Saksenxauzen, Nudov, Lyudvigsxafen, Shenkenxorst, Teltov, Vyunzdorf, Gross-beren, Metendorf va Shtukenbrok shaharlari muzey va arxiv tashkilotlari bilan birgalikda olib borilgan izlanishlar natijasida 1941-1945 yillarda bu hududlarda joylashgan harbiy lagerlarga keltirilgan vatandoshlarimizga oid hujjatlar o‘rganib chiqilib, harbiylar qabristoniga dafn etilgan o‘zbek askarlari haqida qimmatli maʼlumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘lindi.

Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yeridagi Shtukenbrok shaharchasida 1941 yil 23 aprelda barpo etilgan «Shtalag 326» (Stalag 326 VI K Senne) harbiy lageri Germaniyadagi urush vaqtida tashkil etilgan 18 ta harbiy lagerlarning biri bo‘lgan.

Dastlabki to‘plangan maʼlumotlarga ko‘ra, 1941-1945 yillarda ushbu lagerga keltirilgan 65 000 harbiy asir orasida 360 nafar o‘zbek askarlari bo‘lganligi va ulardan 35 nafari “Shtukenbrok” harbiylar qabristoniga umumiy holda dafn etilgani aniqlangan edi. 2018-2019 yillar elchixonaning tashabbusi bilan «Shtalag 326» arxivi  materiallarini o‘rganish natijasida yana 20 nafar vatandoshimiz mazkur qabristonda «mangu orom» topgani aniqlandi. So‘ngi izlanishlar natijasida 130 ta o‘zbek harbiy asirlariga oid saqlanib qolgan aksariyat hujjatlar, vatandoshlarimizning rasmlari, ularning shaxsiga oid maʼlumotlar qayta tiklandi. Ro‘yxatlarga nazar tashlasak: Safarov Nurali 1912 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan,1943 yil 5 martda vafot etgan, Ruzmetov Abdurahmon  1918 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan, 1944 yil 9 iyulda vafot etgan, Isayev Musa 1921 yil Samarqandda tug‘ilgan, 1943 yil 2 iyunda vafot etgan, Mirzaahmedov Anorboy 1915 yil Toshkentda tug‘ilgan  1944 yil 25 iyulda vafot etgan, Kamolov Safar 1902 yil Buxoroda tug‘ilgan  1945 yil 13 yanvarda vafot etgan. Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

2020 yilda elchixonamiz tomonidan bu yerda dafn qilingan vatandoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida yodgorlik toshi o‘rnatildi.

Bugungi kunda «Shtalag 326» arxivi elchixonamiz bilan hamkorlikda 230 dan ziyod o‘zbek askarlariga oid maʼlumotlarni aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Vaqti kelib ushbu ro‘yxat va hujjatlar asosida urush yillarida bedarak ketgan va “Shtukenbrok” harbiylar qabristoniga dafn etilgan vatandoshlarimizning qarindoshlari, yaqinlari topilib, ularning xotiralarini yod etish maqsadida bu yerlarga kelishsa ajab emas.

Darhaqiqat, xotira buyuk – qadr muqaddas! Ajdodlar xotirasini yod etish, Vatanimiz ozodligi, himoyasi yo‘lida jon fido etgan ota-bobolarimizni ruhini shod aylash, qatorimizda umr kechirayotgan keksalarimiz va faxriylarimizni qadrlash biz avlodlar uchun ham farz, ham qarzdir.

Mavzuga oid

Tug‘luq Temurxon bilan uchrashganimdan s...

1336 yil 9 aprel kuni yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat as...

Pokistondan munosabat: Davlat gerbi O‘zb...

Davlatimiz gerbi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan Pokistonning siyosiy va i...

7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni

Bugun Butunjahon salomatlik kuni

So`nggi yangiliklar