Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Iyun/2022   Dolzarb

Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlaridagi ijobiy surʼat Germaniya va Yevropa Ittifoqi manfaatlariga to‘liq javob beradi

 BERLIN, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Yevropa Kaspiy va Kavkaz tadqiqotlari instituti direktori (GFR) Niko Zonnenberg “Dunyo” axborot agentligi uchun Prezident Emomali Rahmonning O‘zbekistonga tashrifi yakunlarini quyidagicha sharhladi:


– Tojikiston rahbarining 2-3 iyun kunlari O‘zbekistonga tashrifi va unda erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga kelishi bilan mamlakat Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini yaratish uchun qatʼiy yo‘l tutdi. O‘zbekistonning konstruktiv yondashuvidan taʼsirlangan mintaqa davlatlari umumiy vazifalarni birgalikda hal qilishga kirishdi. Bu xalqaro hamjamiyat va xorijiy investorlar nazarida Markaziy Osiyoni barqarorlik va biznes imkoniyatlarining istiqbolli mintaqasiga aylantiradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 40 barobarga o‘sdi. Ikki qo‘shni davlat o‘rtasida ko‘p yillar davomida uzilib qolgan temir yo‘l va havo aloqalari qayta tiklandi. Yangi chegara punktlari ochildi, eng muhimi – viza rejimi bartaraf etildi. Qarindoshlar va qo‘shnilar o‘rtasidagi aloqaning tiklanishi tinchlik va barqarorlikning muhim omiliga aylandi, savdo-sotiq, madaniy-maʼrifiy almashinuvlarning sezilarli darajada faollashuviga olib keldi.

Ikki mamlakat rahbarlari erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolishgani yo‘q. Toshkentda bo‘lib o‘tgan bu galgi muzokaralarda ikki tomonlama aloqalarni yana-da mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari markaziy o‘rinni egalladi. Dushanbeda ular qudratli qo‘shnisiga katta umid bilan qarashadi, iqtisodiy hamkorlikning chuqurlashishi nafaqat tojik, balki o‘zbek ishbilarmonlariga ham umid baxsh etadi. O‘zbekiston ishbilarmon doiralari allaqachon qo‘shni respublikadagi faoliyatini faollashtirmoqda. Yengil sanoat, avtomobilsozlik, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash kabi ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyat mavjud.

Toshkentda Abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi katta ahamiyatga ega. Mazkur bitim ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va, shubhasiz, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni o‘z xalqlari manfaati uchun yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlaridagi bunday ijobiy surʼat Germaniya va, umuman, Yevropa Ittifoqi manfaatlariga to‘liq javob beradi, chunki biz Yevropada barqaror Markaziy Osiyodan manfaatdormiz. Bu so‘nggi paytlarda dunyo siyosati va iqtisodiyotida yuz berayotgan notinch vaziyat sharoitida yana-da muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Mavzuga oid

Turkiyadan jo‘natilgan insonparvarlik yo...

Bu kabi ezgu intilishlar turkiyalik hamkor va ishbilarmon doira vakillarining faol ko‘magi...

O‘monda Alisher Navoiy tavalludining 581...

Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligini nishonlash tadbirlari doirasida mamlakatimiznin...

Janubiy Koreya fuqarolari yurtimiz aholi...

Bugun davlatimiz suvereniteti ramzlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat madh...

So`nggi yangiliklar